AQSh Prezidenti Jo Bayden 4-iyul Mustaqillik kunigacha amerikaliklarning 70 foizi koronavirusdan emlanib bo’ladi deya umid qilmoqda. Shu kunga qadar 170 milliondan ortig’i to’liq emlanib bo’lingan. Biroq omborlarda qolayotgan millionlab vaksinalarni dunyoga tarqatishga kelganda siyosat qanday bo’lishi haligacha noma’lum.
“Vaksinaning birinchi dozasini bugun olsangiz, 4-iyulgacha to’liq emlanasiz va Mustaqillik kunini bexavotir nishonlaysiz”, - dedi Bayden.
Prezident odamlarni emlanishga jalb qilish va qiziqtirish uchun, masalan, vaksinatsiya kuni ota-onalarga bepul bog’cha va bepul transport taklif qilmoqda; sartaroshxona, go’zallik salonlaridan, turli kompaniyalardan odamlarni emlanishga rag’batlantirishda yordam so’ramoqda.
“Virusdan ozodlikni nishonlash uchun 21 yosh va undan kattalarga bepul pivo taklif qilsa bo’ladi”, - deydi u.
Dyuk universitetining Global salomatlik uchun innovatsiya markaziga ko’ra, AQShda aholi emlanib bo’linganidan so’ng millionlab vaksina ortib qoladi.
“Amerika 600 million dozaga buyurtma bergan. 366 milliontasini tarqatdik. Asosan “AstraZeneka” kompaniyasining 80 million doza vaksinasi turibdi. Uni dunyo bo’ylab tarqatishga qaror qildik”, - deydi Vashingtondagi Ikki partiyaviylik siyosat markazidan Anand Parex.
Oq uy ma’muriyati ortiqcha vaksinalar qachon va qanday tarqatilishini hali e’lon qilmadi.
“Teng taqsimotga urg’u beramiz. “KOVAKS” bilan hamkorlik qilamiz”, - dedi Davlat kotibi Entoni Blinken.
“KOVAKS” Birlashgan Millatlar Tashilotining tashabbusi bo’lib, u orqali kam va o’rta daromadli mamlakatlar vaksina bilan ta’minlanadi.
Ushbu tashabbus doirasida vaksina sotib olish uchun shu kunga qadar 9,6 milliard dollar xayriya to’plandi. AQSh ham o’z hissasini qo’shgan.
“Qo’shma Shtatlar 2 milliard dollar bergan. 2022-yilga borib yana qo’shimcha 2 milliard dollar beramiz”, - dedi vitse-prezident Kamala Harris.
Bir necha mamlakat, jumladan Janubiy Koreya, Bangladesh va Vyetnam AQShdan bu borada yordam so’ragan.
Facebook Forum