Breaking News

Bayden saylovda kimni o'ziga sherik qilib oladi?


Jo Bayden
Jo Bayden

AQShda irqchilikka qarshi bo’layotgan namoyishlar qora tanli aholiga nisbatan e’tiborning kuchayishiga sabab bo’layotgan bir paytda ba’zilar demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Baydenni saylovda vitse-prezidentlikka qora tanli ayolni tanlashga chaqirmoqda.

“Qora tanli saylovchi Baydenga ovoz berishi uchun u Trampni yomonlashdan tashqari yana biror narsa taklif qilishi kerak. Salmoqliroq narsa”, - deydi Xovard universitetida siyosiy fanlar professori Niambi Karter.

Bayden vitse-prezident lavozimini yuqori malakali ayolga taklif qilishini aytgan.

Irqiy ziddiyatlarga yechim topish va qora tanli saylovchilarni rag’batlantirish zarurati ba’zilar e’tiborini Kaliforniyadan Senatga saylangan qonunchi Kamala Xarrisga qaratdi. Hind va yamaykalik muhojirlar oilasida voyaga yetgan arbob partiyaviy saylovlarni Baydenga boy bergan edi.

Yana bir ehtimoliy nomzod – minnesotalik senator Eymi Klobuchar. U ham prezidentlikka nomzod bo’lgan. Ba’zilar Klobuchar o’tmishda prokuror bo’lganida politsiya zo’ravonligiga doir ishlarda jonbozlik ko’rsatmagan deb, uni tanqidga oldi.

Jorjiya shtatining poytaxt Atlanta shahar meri Keysha Lans Bottoms shahardagi chiqishlar paytida qilgan alangali nutqidan so’ng hamda namoyish paytida haddan ziyod kuch ishlatganlikda gumon qilingan politsiyachilarni ishdan olib mamlakatga tanildi.

“Politsiyachilarimiz ko’p ishlashini, ishi og’ir ekanini tushunamiz, ammo haddan ortiq kuch ishlatish to’g’ri emasligini ham tushunamiz”, - dedi Atlanta hokimasi.

Prezident Trampga qarshi impichment jarayonida faol qatnashgan floridalik kongressmen ayol Val Demingsni ba’zilar vitse-prezidentlikka yaxshi nomzod deb biladi, biroq o’tmishda Orlando shahrida politsiya mahkamasini boshqargan bu ayolni ham tanqid qilayotganlar bor.

Jorjiya shtatida gubernatorlik uchun saylovni sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Raysga boy bergan shtat sobiq qonunchisi Steysi Abrams ham nomzodlardan biri.

Ba’zilar uning kattaroq lavozimda ish tajribasi yo’qligiga ishora qiladi.

Massachusets shtatidan senator Elizabet Uorren yoki Michigan gubernatori Gretchen Vitmer tajribaliroq bo’lsa-da, ba'zi kuzatuvchilar fikricha, “Qora tanlilar hayoti muhim” oqimining kuchayayotgani vitse-prezidentlikka qora tanli nomzodni tanlashni ham siyosiy, ham ma’naviy ma’noda taqozo etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG