Dunyo rahbarlari AQShdagi prezident saylovlarida demokratlardan nomzod bo’lgan Jo Baydenni g’alaba bilan tabriklamoqda. Ayniqsa uning bobolari yashagan Irlandiyadagi Ballina shahrida katta bayram.
"Kutilmagan voqea bo’ldi hammamiz uchun. Xursandmiz, ta’riflashga so’z ojiz”, - deydi uning Irlandiyadagi qarindoshlaridan biri.
Bayden o’zining irland qoni haqida iftixor bilan ko’p gapiradi. U Yevropa Ittifoqini tark etgan Britaniya hukumatini Shimoliy Irlandiya tinchligini e’zozlashga chaqirgan. O’tgan yili Bayden Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonni Donald Trampning egizagi, kloni deb atagan edi.
Jonson AQShning yangi ma’muriyati bilan ishlashga tayyor ekanini aytmoqda.
“Ayni paytda Britaniya va AQShni ajratadigan omillardan ko’ra birlashtiradigan omillar talaygina degan fikrdaman”, - dedi u.
Yevropa Ittifoqi ham Baydenning prezidentlikka saylanganini olqishladi.
“Birgalikda dunyo yuzlashayotgan muammolarni hal qilamiz – koronavirus pandemiyasi va uning iqtisodiy oqibatlarini. Iqlim o’zgarishi va biologik xilma-xillikning yo’qolishi, raqamli iqtisodiyot uchun zarur qoidalar majmui, global xavfsizlik hamda qoidaga asoslangan ko’p qirrali tizim islohoti shular jumlasidan”, - dedi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.
Londondagi Siti universitetida xalqaro siyosat bo’yicha professor Inderjit Parmarning aytishicha, Yevropa AQSh bilan aloqalar silliq kechadi deb umid qilmasligi kerak.
“Raqobat kuchayayotgan muhitni hisobga olganda Qo’shma Shtatlar qattiq tortishishda davom etadi degan fikrdaman. Yevropa Ittifoqi va Britaniya bilan savdo kelishuvlari oson kechadi deb o’ylamayman. Yevropadan NATOdagi faoliyatini kuchaytirish talabi ham oshadi”, - deydi siyosatshunos.
Germaniya kansleri Angela Merkel ham muloqot oson bo’lmasligini tan oladi.
“Amerika bizning eng muhim hamkorimiz bo’lib qoladi va bizdan xavfsizligimiz yo’lida qattiqroq harakat kutishi tabiiydir”, - dedi u.
Yevropa Jo Bayden AQShni Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimga qaytaradi degan umidda. Isroil bunga qarshi. Bu mamlakat Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu video murojaatida Baydenni tabrikladi, biroq Eron mavzusini ko’tarmadi.
“Baydenni Isroil davlatining eng katta do’sti deb bilaman”, - dedi Netanyaxu.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif “Twitter”da shunday deb yozdi: “Tramp 70 kundan so’ng ketadi. Ammo biz umrbod qolamiz. Xavfsizlikni ta’minashda o’zgalarga ishonish hech qachon foyda keltirmagan. O’zaro muammolarimizni hal etishda qo’shnilarimizga muloqot uchun qo’limizni uzatamiz”.
AQSh bilan savdo urushini boshdan kechirayotgan Xitoyda davlat matbuoti Baydenning prezidentlikka saylanishi siyosat barqaror bo’lishini ta’minlaydi degan xulosaga keldi.
Pekin boshqaruviga qarshi namoyishlar bo’layotgan Gonkongda faollar AQSh siyosati yumshoqroq bo’lishidan xavotirda.
“Ko’plab mamlakatlarda totalitar boshqaruv kuchayayotgan bir paytda Baydenning tinchlikka qaratilgan boshqaruv usulini o’ta yumshoq deb bilaman”, - deydi gonkongliklardan biri.
Bu o’rtada Donald Trampning ovozlarni soxtalashtirish hollariga doir da’volari sudda ko’rilmoqda.
Facebook Forum