Seshanba kuni Indoneziyaning Bali orolida “Katta Yigirmalik”ka a’zo davlatlar rahbarlari majlis qiladi. Anjumandan oldin AQSh va Xitoy prezidentlari uchrashib, Pekinning Tayvanga da’vosi, Rossiyaning Ukrainadagi urushi, ikki tomonlama aloqalar va boshqa mavzularni muhokama qilgan. Uchrashuv 3 soat davom etgani aytilmoqda.
Bu Jo Baydenning ikki yil oldin prezidentlikka saylanganidan beri Si Zinpin bilan ilk yuzma-yuz muloqoti bo’ldi.
"Ikki yirik davlat rahbarlari sifatida biz AQSh-Xitoy munosabatlarining to’g’ri yo’nalishini belgilashimiz, olg’a yurishimiz va aloqalarni ko’tarishimiz kerak”, - dedi Si.
Prezident Baydenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Xitoy bilan raqobatlashishda davom etadi va bu jarayonga, kerak bo’lsa, ittifoqchilari va hamkorlarini jalb qiladi. Biroq, deydi Bayden, raqobat mojaroga aylanib ketmasligi, har ikki mamlakat raqobatni mas’uliyat bilan boshqarib, aloqa kanallarini ochiq ushlab turishi kerak.
Si va Bayden Shimoliy Koreya yadro dasturi mavzusini ham ko’tarishi kutilgan edi.
"Hozirgina Xitoy Xalq Respublikasining Prezidenti Si Zinpin bilan yuzma-yuz ko’rishdim. Maqsadlarimiz va ustuvor yo’nalishlar haqida ochiq va samimiy suhbat qildik. Biz Amerika manfaatlari va qadriyatlarini, xalqaro tartibni himoya qilishimizni, umumbashariy inson huquqlarini targ’ib qilishimizni, buning uchun ittifoqchilar va hamkorlarimiz bilan hamnafas bo’lishimizni aniq yetkazdim. “Yaxlit Xitoy” siyosatimiz o’zgargani yo’q. Uni o’zgartirishga qaratilgan har qanday harakatlarga qarshimiz. Tayvan bo’g’ozida tinchlik va barqarorlikni saqlash tarafdorimiz”, - dedi Bayden.
Xabarlarga ko’ra, G’arb davlatlari sammit paytida Hindiston, Xitoy, Braziliya kabi mamakatlar rahbarlarini Rossiyadan yuz o’girishga chaqirib, Moskvani yanada yakkalatishga harakat qiladi.
Germaniya Kansleri Olaf Sholsning aytishicha, global muammolar va Ukrainadagi urush bo’yicha aniq yakuniy bayonotga kelishish oson bo’lmaydi.
"Dunyoga ta’sir qilayotgan barcha masalalar bo’yicha aniq va muhim bayonotlar tayyorlashga qattiq harakat qilamiz. Tinchlikni ta’minlash, Rossiyaning Ukrainadagi urushi oqibatlari haqida ham. Biroq bu qiyin bo’ladi, buning uchun Balida ko’p vaqt sarflash, ko’p harakat qilish kerak bo’ladi”, - dedi Shols.
Ma’lumotlarga ko’ra, ishtirokchi davlatlar qarashlaridagi tavofutlar sabab umumiy suratga tushish jarayoni bekor qilindi.
“Katta Yigirmalik”ning Balidagi anjumanida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qatnashmaydi. Kreml uning band ekanini, jadvali tig’iz ekanini bildirdi, biroq ayrim manbalardan ma’lum bo’lishicha, Putin Balida G’arb rahbarlari tanqidiga toqat qilishni istamagan.
Uning o’rniga Indoneziyaga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bordi.
G’arb matbuotiga ko’ra, 72 yashar Lavrov orolga kelishi bilan mahalliy kasalxonada kardiologga uchragan. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Lavrovning betob ekanini inkor etdi.
"Siyosatda bu kabi o’yin yangilik emas. G’arb jurnalistlari haqiqatni so’zlashi kerak”, - dedi Lavrov.
Indoneziyaga borishdan oldin Bayden Misrda xalqaro iqlim anjumanida qatnashdi, so’ng Kambodjada Janubi-sharqiy osiyo davlatlari uyushmasi – ASEAN-AQSh majlisida ishtirok etdi.
Unga ko’ra, AQSh va ASEAN davlatlari bilan imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik haqidagi kelishuv zamonaning ko’plab muammolarini hal qilishda muhim vositadir.
“ASEAN ma’muriyatimning Hind va Tinch okeani strategiyasi yuragidir. Kuchli, birlashgan ASEAN bilan aloqalarni kuchaytirishda davom etamiz”, - dedi Bayden.
Qo’shma Shtatlar rahbari majlisda Myanma masalasini ko’tardi. O’tgan yilgi davlat to’ntarishi oqibatida hokimiyatga kelgan harbiy xunta Au San Su Chi va uning safdoshlarini hibsga oldi, sud qildi. A’zo davlatlar ichki siyosatiga aralashmaydigan ASEAN tashkiloti xuntadan guruh taklif etgan tinchlik rejasini bajarishni talab qildi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, tashkilot raisligi kelasi yili Indoneziyaga o’tadi va uning Prezidenti Joko Vidodo bu mavzuda hozirgi rais, Kambodja Bosh vaziri Xun Sendan ko’ra qattiqroq siyosat yuritadi.
Facebook Forum