Breaking News

AQSh diplomati: Qozog'iston Markaziy Osiyoda yetakchi


Nisha Bisvol - AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini
Nisha Bisvol - AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Nisha Bisvol 31-mart va 2-aprel kunlari Ostonada bo’lib, keyin esa ikki kun Bishkekda muzokaralar olib boradi.

1-aprel kuni L.N. Gumilyov Yevrosiyo Milliy Universitetida so'zlar ekan, Bisvol Amerikaning Qozog'istonga nisbatan pozitsiyasini shunday izohladi:

"Sizning mamlakatingiz mintaqada yetakchi. Shu bilan birga, Qozog'iston global sahnada ham ulkan maqsadlarga ega ekani va yetakchilik qilishga qodirligini isbotlash yo'lidan shaxdam qadamlar bilan ketmoqda. Qo'shma Shtatlar buni quvvatlaydi. Prezident Obama o'tgan hafta [Gaagada yadroviy xavfsizlik bo'yicha o'tgan sammitda] prezident (Nursulton) Nazarboyevga buni aytib, ikki davlat 21-asrdagi imkoniyatlardan foydalangan holda va davr sinovlarini birgalikda yengib, mintaqa va dunyo iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo'shishga bel bog'lagan. Iqtisodiy o'sishni ta'minlash, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurash va atom qurollari va materiallari yoyilmasligini ta'minlash - mushtarak maqsadlar. Biz Qozog'iston kuchli, mustaqil va har sohada faol bo'lishini istaymiz. Yurtingiz xavfsizlik va farovon yashasin deymiz. Bu esa Markaziy Osiyo ravnaqi va Amerika xalqi ravnaqi uchun birdek xizmat qiladi".

Qozog’iston va Qirg’izistonga safardan maqsad – rishtalarni mustahkamlash, muhim masalalarni muhokama qilib, fikr almashish, deya bildiradi Davlat departamenti.

Bisvol xonim Ostonadagi universitetda talabalar bilan davra suhbati olib bordi. Tadbirkorlar va fuqaro jamiyati vakillari bilan muloqot qildi. Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov bilan muzokarada bo'ldi.

Ukraina va Qrim masalasi ko'tarilganida, AQSh rasmiysi Obama ma'muriyati diplomatik yechim tarafdori ekanini eslatdi.

Amerika 1993-yildan beri Qozog'istonga 25 milliard dollar miqdorida sarmoya qilib kirgan. Mintaqada eng yirik investitsiya shu mamlakatda, asosan neft sanoatida. 300 qo'shma korxona bor. 2013-yilda savdo aylanmasi 2,75 milliard dollarni tashkil etgan.

Bishkekda Amerika universitetida yoshlar bilan katta uchrashuv rejalangan. AQSh Manas aerodromidagi tranzit markazini yopar ekan, Qirg’iziston bilan aloqalar endi qay tomon yo’naladi degan savolga, diplomatlar “o’zaro manfaatli sohalar juda ko’p va e’tiborni ko’proq endi ularga qaratamiz”, deya javob beradi.

Nisha Bisvol o'z chiqishlarida hududiy yaxlitlik va suverenitet tushunchalariga urg'u bermoqda. Qolaversa, Afg'onistondagi missiya yakunlanar ekan, hamkorlikda kutilayotgan o'zgarishlar haqida ham to'xtalayapti. "O'zaro manfaatlarga asoslanamiz",- deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG