Yevropadagi uch ittifoqdosh mamlakat bo’ylab safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken qit’ani 29-iyunda tark etadi. Bugun u Italiyada. Mahalliy rasmiylar, Rim papasi, “Katta Yigirmalik” guruhiga a’zo mamlakatlar rahbarlari, vazirlar bilan uchrashmoqda.
Fransiya va Germaniyadagi sermahsul muloqotlardan so’ng Blinken Rimda Italiya Tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo, BMTning oziq-ovqat xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi idoralari vakillari, AQSh elchixonasi xodimlari va Isroil Tashqi ishlar vaziri Yair Lapid bilan ko’rishdi.
Blinken, shuningdek, 28-iyun kuni Rimda “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiya majlisida qatnashib, Italiya prezidenti va bosh vaziri bilan Suriya mojarosi va bu mamlakatning gumanitar ehtiyojlari xususida gaplashadi.
AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Daish bo’lajak jangarilarni yollash maqsadida Suriyadagi lagerlarda yashayotgan o’n minglab odamlar orasida tashviqotga zo’r bergan.
Blinken dushanba kuni Vatikanda ham bo’lib, Rim papasi Fransisk va Arxiyepiskop Pol Gallager bilan iqlim o’zgarishi, inson savdosi, qashshoq mamlakatlar qarzlaridan voz kechish mavzularida fikr almashadi.
Oktabr oyida pontifik AQShning bu mamlakat tarixida ikkinchi bor saylangan katolik prezidenti Jo Bayden (birinchisi Jon Kennedi edi) uchrashishi kutilmoqda.
25-iyun kuni Parijda fransuz rasmiylari bilan muloqot qilgan Blinkenning ogohlantirishicha, Eron yadro faoliyatini nazorat qiluvchi vaqtinchalik kelishuv bo’lmasa, AQSh Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni jonlantirish harakatlaridan voz kechishi mumkin.
“Qarashlarimizdagi farqlarni bartaraf etishimiz kerak”, - dedi Blinken Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian bilan uchrashuvdan so’ng.
BMTning Atom dasturi bo’yicha xalqaro agentligiga ko’ra, 21-fevral kuni Eron yadro dasturini 3 oy nazorat qilishga imkon beruvchi hujjatning amal qilish muddati yana bir oyga cho’zilib, 24-iyun kuni o’z kuchini yo’qotdi va Eron uni uzaytirishga qaratilgan iltimosga zudlik bilan javob berishi kerak.
Blinkenning Parijdagi matbuot anjumanida tan olishicha, agar Venadagi muzokaralar natija bermasa, Qo’shma Shtatlar bitimga qaytish rejasidan voz kechishi mumkin.
“Ma’lum bir nuqtada yadroviy kelishuvda belgilangan andozalarga qaytish juda qiyin bo’lib qoladi”, - dedi u.
2015-yilda imzolangan bitimda Eron yadro dasturini nazorat qilish mexanizmiga kelishilgan. Buning evaziga AQSh va BMT bu mamlakatga qo’ygan sanksiyalarni olib tashlanishi kerak edi. Biroq 2016-yilda AQShda prezidentlikka kelgan Donald Tramp shartnomadan chiqishga va sanksiyalarni tiklashga qaror qildi. Tehron bitimni jonlantirishdan oldin jazo choralarini shartsiz ravishda bekor qilishni AQShdan talab qilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Said Xatibzodaning juma kuni aytishicha, qaror qarshi taraf ixtiyorida.
AQSh va Eron muzokarachilari bir necha mamlakat diplomatlari vositachiligida olti hafta davomida bilvosita muloqot qildi. Biroq muzokaralarning oltinchi davrasidan so’ng ham taraflar asosiy masalalar bo’yicha kelisha olmagan.
Le Drian Eron birinchi qadam qo’yishi kerakligini aytdi.
“Muzokaralar boshlanganiga olti hafta bo’ldi. Biroz olg’a siljish bor. Hozir jarayon qiyin pallaga kiryapti. Erondagi yangi hukumatdan dadil va jasur qarorlarni kutyapmiz”, - dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri.
Blinken juma kuni Prezident Emmanuel Makron bilan ham ko’rishdi.
Germaniyadagi uchrashuvlari chog’ida AQSh davlat katibi Xolokostni inkor etishga qaratilgan harakatlar va antisemitizmga qarshi hamkorlikda turishga kelishib oldi.
Ikkinchi jahon urushida qirilgan yahudiylar xotirasiga o’rnatilgan yodgorlikni ziyorat qilgan Blinkenning aytishicha, “Xolokostni inkor etish va antisemitizm gomofobiya, irqchilik, ksenofobiya va kamsitishning boshqa shakllariga o’xshash holatlar bo’lib, demokratiyani parchalashga urinayotgan kuchlar bunday da’vatlar bilan ommani qo’zg’atishga harakat qilmoqda.
Blinken payshanba kuni Berlinda Liviya muvaqqat bosh vaziri Abdulhamid Dbayba bilan xalqaro anjuman doirasida ko’rishib, Liviyada doimiy va barqaror hukumatga o’tish harakatlarini qo’llab-quvvatladi.
Germaniya va BMT homiyligida o’tgan anjumanda 17 mamlakat rasmiylari Liviya kelajagini muhokama qildi, bu mamlakatda dekabrga belgilangan milliy saylovlarga xayrixohlik bildirdi.
2011-yilda NATO havo hujumlari ketidan Liviya siyosiy beqarorlikka yuz tutib, hokimiyat uchun kurashayotgan kuchlar va parallel hukumatlar o’tgan yil oktabrida sulhga, 90 kun ichida Liviyadan barcha xorijiy jangarilar va yollanma jangchilarni chiqarishga kelishgan.
Facebook Forum