Rossiya armiyasi va Ukraina sharqidagi bo’lginchi kuchlar Ukraina qo’shinlarini mag’lub etishda davom etarkan, Kiyevni urush uchun pul va harbiy yordam bilan ta’minlab kelayotgan Qo’shma Shtatlar shu hafta “Katta Yigirmalik”ka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Indoneziyada bo’ladigan majlisida Rossiya vakillari bilan tinchlik muzokaralari xususida gaplashmoqchi emas.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Baliga bugun jo’nab ketdi. Blinken oktabr oyidan beri ilk bor Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan gaplashmoqchi, biroq AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning aytishicha, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muloqot rejalanmagan.
“Katta Yigirmalik” sammiti noyabr oyida Indoneziyada bo’lib o’tadi. Kreml Rossiya Prezidenti Vladimir Putin anjumanga borishni rejalayotgani haqida ma’lum qildi. Rossiyaga sanksiyalar qo’ygan “Katta Yettilik” davlatlari va Yevropa Ittifoqi ham sammitga taklif etilgan.
Ukrainadagi mojaroga yakun yasash uchun muzokara boshlash vaqti keldimi?
“Prezident Putinning muzokara qilish istagi yo’qligini ko’ryapmiz. Bizning yondashuvimiz o’zgargani yo’q. Ukrainani demokratiyasi, hududiy daxlsizligi uchun kurashida qo’llab-quvvatlashda davom etamiz”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainada boshlangan maxsus harbiy amaliyot oxirigacha yetkazilishini aytdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa urushni davom ettirishdan boshqa chora yo’qligini ta’kidladi.
Bunday sharoitda, deydi amerikalik tahlilchi Mark Kansian, mojaro hali-beri tugamaydi.
Facebook Forum