Breaking News

Blinken senatorlarga: Afg’onistondan evakuatsiya davom etadi


Entoni Blinken, AQSh Davlat kotibi
Entoni Blinken, AQSh Davlat kotibi

AQSh Kongressi Afg’onistonni boshqarayotgan Tolibon hukumatini ehtimoliy sanksiyalar haqida ogohlantirdi.

Xalqaro hayot – 15-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:33 0:00

“Qo’shma Shtatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tolibonga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilmasligi kerak. AQSh Tolibon bilan muzokara paytida olib tashlangan sanksiyalarni tiklashi lozim. Afg’onistonda muhtojlarga suvdek zarur gumanitar yordamni ko’rsatgan holda harakatni jazolovchi yangi choralar qo’llashimiz kerak”, - dedi demokrat senator Robert Menendes.

Davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni bu haftada ikkinchi bor qonunchilarga Afg’oniston bo’yicha hisobot berdi. Unga ko’ra, AQSh afg’on xalqiga 64 million dollarlik gumanitar yordam hozirlamoqda, Tolibon bundan mustasno.

“Tolibon oziq-ovqat va dori-darmon kabi asosiy gumanitar yordamni xalqqa yetkazishda harakat qilar balki, biroq ayollar va qizlar huquqlari kabi masalalarda siyosat boshqacha bo’lishi mumkin. Bunga alohida e’tibor beramiz. Yordamning manzilga yetishiga, jarayonni samarali nazorat qilishga harakat qilamiz”, - dedi Blinken.

Biroq AQSh va ittifoqchilariga yordam bergan, maxsus muhojirlik vizasi va’da qilingan, ammo o’z vaqtida evakuatsiya qilinmagan minglab afg’onlar taqdiri mavhumligicha qolmoqda. Har ikki yirik partiya qonunchilariga ko’ra, Bayden ma’muriyati ularning vizalarini tayyorlashda yetarlicha tez harakat qilmayapti.

“Maxsus muhojirlik vizasiga da’vogar taxminan 20 ming odamdan atigi 705 nafari evakuatsiya qilindi. Qolganlariga nima bo’ldi?” – deya so’radi respublikachi senator Jim Rish.

AQSh rasmiylariga ko’ra, 100 ga yaqin amerikalik ham Afg’onistonda qolib ketgan. Ularni evakuatsiya qilish yo’llari ustida ish ketmoqda. Biroq Senatning ichki xavfsizlik va hukumat ishlari bo’yicha qo’mitalarining respublikachi a’zolariga ko’ra, hayoti tahdid ostida bo’lgan afg’onlar kutilganidan ko’p sonda qolib ketgan.

“Hisobimcha, hayoti tahdid ostida bo’lgan taxminan 60 ming afg’onning salkam yarmi olib chiqilgan, xolos. Bu bizning taxminimiz, chunki Oq uy ma’muriyatidan aniq raqamlarni olish imkoni bo’lmayapti”, - dedi senator Rob Portman.

Blinken “Amerika Ovozi”ni o’z ichiga oluvchi AQSh Global media agentligida ishlagan va hozirda Afg’onistonda yashirinib yurgan afg’onlarni ham evakuatsiya qilishga so’z berdi.

“Amerika Ovozi” va “Ozodlik” radiosida ishlovchi 550 ga yaqin xodim va ularning oila a’zolari evakuatsiya qilinmagan. Ularni chiqarish haqida o’ylayapsizmi?” – deya so’radi demokrat senator Kris Kuns.

Blinken “ha” deb javob berdi.

AQSh va ittifoqchi davlatlar 15-avgustdan 31-avgustga qadar 124 ming odam, aksariyati afg’onlarni evakuatsiya qilishga ulgurdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG