Breaking News

Boston musulmonlari chechen aka-ukalar haqida nima deydi?


Boston portlashlarida ayblanayotgan aka-uka Tamerlan va Johar Tsarnayevlar
Boston portlashlarida ayblanayotgan aka-uka Tamerlan va Johar Tsarnayevlar
Bostondagi portlashlarni uyushtirganlikda ayblangan aka-uka Tsarnayevlar Kembrij shahridagi masjidga qatnagani aytilmoqda. Xurujlar uch kishini hayotdan olib ketib, 170 dan ortiq odam jarohat olgan. Politsiya bilan otishmada o’ldirilgan ayblanuvchilarning to’ng’ichi Tamerlan Tsarnayev shahardagi masjidda boshqa musulmonlar bilan bahsga kirishgani haqida ma’lumotlar bor.

Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:57 0:00
Yuklab oling

Portlashlarda ayblanayotgan aka-uka tasviri ko’plab suratlarda muhrlanib qolgan. Rasmlardan birida Tamerlan ryukzak bilan tushgan. Politsiya unda bomba tashilganini aytmoqda.

Suratda oq sport kepkasi bilan ko’ringan Johar Tsarnayev otishmada jarohatlangani bois hozir kasalxonada. Ommaviy qirg’in qurolini qo’llaganlik aybi isbotlansa, u o’limga mahkum etilishi mumkin. Akasi Tamerlan portlashlardan to’rt kun o’tib politsiya bilan bo’lib o’tgan otishmada o’ldirilgan.

Tamerlan juma namozi uchun Boston tashqarisidagi Kembrij masjidiga qatnagan. Masjid rasmiylarining aytishicha, u ikki marta imom bilan tortishib qolgan. Birinchisida Shukronalik bayrami, ikkinchisida esa Mustaqillik kuni haqida ma’ruza o’qilayotgan edi, deydi masjid kengashi a’zosi Anvar Kozimiy.

“Imom ma’ruza qilayotib, Martin Lyuter Kingning odamlarga ta’siri qanday bo’lganini Muhammad payg’ambar amalga oshirgan ishlar bilan qiyoslagan. Tamerlan bundan achchiqlanib, o’rnidan turib, e’tiroz bildirgan”, - deydi Kozimiy.

Masjid vakiliga ko’ra, Tamerlan imomni “kofir”ga chiqarib, odamlar ongini zaharlayotganlikda ayblagan. Jamoat norozilik bildirgach, u masjidni tark etgan.

“YouTube” videoportalidagi Tamerlanga tegishli ekani aytilayotgan sahifada uning jihodga da’vati tasvirlangan videolar bor.

Aka-ukalarning har ikkisi AQShga kelguncha Dog’iston Respublikasida yashagan. U yerda hozir ham ularning ota-onasi yashaydi. AQSh rasmiylarining aytishicha, Tamerlan o’tgan yili Dog’istonga borgan.

“Bu yerda doim portlash, jinoyatchilik urchigan. Lekin ular doim yaxshi qo’shni bo’lgan. Bundan boshqa hech narsa bilmayman”, - deydi Tsarnayevlarning Dog'istondagi qo'shnisi Galiya Suleymanyan.

Yuzini ko’rsatishni istamagan va o’zini Anvar deb tanishtirgan bir musulmon aka-ukalar bombani nega urushga botgan o’z yurtida emas, balki Boston marafonida portlatganini tushunmayman, deydi.

“Islomda, hatto radikal islomda, so’filik yoki shia islomda ham Bostonda ro’y bergan voqeani oqlaydigan hech qanday asos yo’q”, - deydi u.

Ayrim tahlilchlarning aytishicha, kelajakdagi xurujlarning oldini olish uchun AQSh kurash taktikasini o’zgartirishi kerak. Bag’rikenglikni targ’ib qiluvchi guruh vakili Rayan Mauro ham shunday fikrda.

“Biz taktikaga emas, ko’proq mafkuraga e’tibor qaratishimiz kerak. Ekstremizm g’oyasini mag’lub etmagunimizgacha, terrorizm tarafdorlari ko’payishda davom etaveradi”, - deydi u.

AQSh rasmiylari Boston xurujida boshqa guruhlarning ishtirok etgan bo’lishi mumkinligi haqidagi ehtimolni hanuz o’rganmoqda.

Terrorizm tahdid/Boston - Terrorism
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:52 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG