Breaking News

Amerika musulmonlari Bostondagi xurujdan qayg'uda


Xurujdan so'ng Boston shahri, 16-aprel, 2013-yil
Xurujdan so'ng Boston shahri, 16-aprel, 2013-yil
AQSh Federal qidiruv byurosiga ko’ra, dushanba kuni Bostonda marafon paytida portlagan ikki bomba mix va shrapnelga to’la kastryulaga yashirilgan edi. Xuruj sodir etilgan joydagi predmetlar hozir o’rganilmoqda. Hozircha hech kim hibsga olinmagan. Politsiya aybdorlarni topish uchun aholidan marafon paytida olingan foto va videosuratlarini yuborishni so’ramoqda.

Bir necha sekund oralig’ida portlagan ikki bombadan uch kishi o’lib, 176 odam jarohat olgan. Ayrimlari oyoq va qo’lidan ayrilgan.

Politsiya xurujda qo’li borlarni hibsga olishda yordam bergan odamlarga 50 ming dollar mukofot puli va’da qilmoqda.

2001-yil 11-sentabr voqealaridan beri Amerika musulmonlari bu kabi xurujlardan xavfsirab qolgan. Musulmonlar aybdor bo’lmasa-da, birinchi bo’lib ulardan shubhalanishadi. Bostondagi portlashlar ham Amerikada yashovchi bu din vakillarini xavotirga soldi.

Musulmon aloqalari kengashi tashkilotining rahbari Xaris Tarinning aytishicha, Amerikada terror xuruji sodir etilsa, musulmonlar ikki karra hujumga uchraganday his qiladi o’zini.

Avval amerikalik sifatida terror xurujidan, so’ng esa musulmon sifatida xurujga aloqadorlik gumonidan, deydi Tarin.

Prezident Barak Obama dalillar ma’lum bo’lmasidan oldin erta xulosa chiqarmaslikka chaqirdi.

Musulmon faolining aytishicha, Amerika rasmiylari va siyosiy rahbarlari prezidentning bu gaplariga quloq solmayapti.

Amerika-Islom aloqalari kengashi vakili Ibrohim Xuper mamlakatda musulmonlar yoki islomga daxlsiz bir necha xurujlar ham sodir etilganini eslatadi.

"1995-yilda Oklaxomadagi portlashni eslaylik. Ko’p odam o’lgan edi. Xurujdan so’ng musulmon va arablarga ko’p malomat toshlari yog’ilgan edi", - deydi Ibrohim Xuper.

Oklaxoma xurujida hukumatdan norozi ikki oq tanli amerikalik aybdor deb topilib, biri qatl etilgan edi.

Bostondagi portlashlardan so’ng ham internetda ijtimoiy sahifalarda musulmonlarga qarshi ko’p ayblovlar yangradi. AQShdagi musulmon yetakchilarining aytishicha, bu kabi xurujlardan maqsad amerikaliklarni bo’lib qo’yish, oralariga nizo solish.

Jinoyat ortida kim turishidan qat’i nazar, xalq birligini yo’qotmasligi kerak, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG