Har yili Rojdestvo bayrami arafasida Vashingtondagi botanika bog’i sayyohlar bilan gavjum. Bu yerda nafaqat gullar va noyob o’simliklar, balki Rojdestvoga xos dekoratsiyalar ham ko’zni quvontiradi. Bu yil botanika bog’ida Amerikaning tarixiy stansiyalari aks etgan poyezd yo’llari, vokzal maketlari o’rnatilgan. Ularning o’ziga xosligi shundaki, maketlar o’simliklardan yasalgan.
Rojdestvo arafasi tashqarida qish hukmron bo’lsa-da, AQSh Botanika bog’ida iliqlik.
Bog’da 1800-yildan to 1970-yilgacha Amerikada qurilgan 31 tarixiy temir yo’l stansiyalarining maketlari ko’rgazmada.
“Ikki yoshdan 92 yoshgacha, har xil odamlar kelishyapti”, - deydi bog’ xodimi Devin Dotson.
Kashmira Bati o’g’lini olib kelgan.
“O’g’lim poyezdlarning harakatlanishini, atrofidagi narsalarni kuzatishni yoqtiradi. Ham ko’ngil ochar tomosha, ham nimadir o’rganadi”, - deydi u.
Bu jimjimador maketlar 1910-1960-yillarda, 50 yil archa tagida aylanib turgan poyezdlarni eslatadi. Bu mashhur poyezdlar bolalar uchun yangilik bo’lib tuyulsa, kattalarga entikib o’tmishni eslashga undaydi.
“Odamlar bu mitti poyezdlarga qarab, xayolot dunyosiga sho’ng’iydi. Hozirgi zamonda poyezdlardan uncha foydalanmay qo’yganmiz, lekin sog’inchni his etamiz”, - deydi Devin Dotson.
Ba’zi stansiyalar hamon ishlab turibdi. Masalan, Montana, Ogayo, Kolorado shtatlaridagi bir qancha tarixiy vokzallar hamon shahar ko’rkiga ko’rk berib turibdi.
Maketlarga e’tibor bilan qarasangiz o’ziga xoslik ko’zga tashlanadi. Ular o’simliklardan yasalgan.
“Cho’chqayong’oq, dolchin daraxti po’sti yoki tok novdalaridan foydalanilgan. Maketlarni yasashda yuzdan ortiq o’simliklar ishlatilgan”, - deydi Deyvin Dotson.
Botanika bog’ida nafaqat tarixiy stansiyalar, shuningdek, Oq uy, AQSh Oliy sudi, Kapitoliy binosi, Vashingtondagi Yunion vokzali maketlari qo’yilgan. Bu binolar ham o’simliklardan yasalgan.
Bu mehmon mohirlik bilan yasalgan eksponatlardan ilhomlanganini aytadi.
“Qanchalar ijodkorlik, qanchalar ixtirochilik bu. Ayniqsa, tabiiy elementlar kiritilganiga qoyil”, - deydi tomoshaga kelgan Vendi Elg.
Botanika bog’ida, shuningdek, Vashingtondagi eng katta ikki archadan biri o’rnatilgan. Uch mingdan ortiq puansettiya, ya’ni Rojdestvo gullari sizni bayramona kayfiyatga chorlaydi.
Facebook Forum