Breaking News

Breksitning Britaniya biznesiga dastlabki ta'siri


Britaniyada Yevropa Ittifoqidan chiqish tarafdorlari mustaqil iqtisodiy siyosat mamlakat uchun imkoniyatlarni oshiradi deya targ’ib qilayotgan edi. Biroq breksitdan 4 hafta o’tgach, ko’plab kompaniyalar biznes jiddiy muammolar va xarajatlarga yuz tutayotganini bildirmoqda.

Xalqaro hayot – 26-yanvar, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:42 0:00

Savdo shartnomasiga ko’ra, Yevropa britan suvlaridagi baliqchilik huquqlarining choragini kelasi 5 yilda britaniyalik baliqchilarga topshirishi kerak, biroq ayrimlar nazarida, Bosh vazir Boris Jonson britan suvlarida faqat mahalliy baliqchilar ov qiladi deya va’da bergan edi.

“Hozir ahvol ancha yomonlashdi. Baliqchilik huquqlari ustidan nazorat to’liq qo’limizda bo’lmasligini angladik. Xoin Boris bizni sotdi”, - deydi baliqchilardan biri.

Britaniyaning baliqchilik kemalari tutgan o’ljaning salkam yarmi Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadi. 2019-yilda bundan 1,8 milliard dollardan ko’p daromad tushgan. Biroq breksit natijasida chegarada nazorat o’rnatildi, qog’ozbozlik qo’shildi, bu esa ishni ortga tortmoqda, xarajatlarni ko’paytirmoqda.

“Qisqichbaqalarni saqlash muddati cheklangan. Hukumat jiddiy chora ko’rmas ekan, ko’p kompaniyalar tamom bo’ladi”, - deydi baliqchilik bilan shug’ullanuvchi yana bir shirkat egasi.

Hukumat muammolar bartaraf etilishini va’da qilmoqda.

“Muammolar vaqtincha. Ba’zan ayb odamlarning o’zida – qog’ozlarni to’g’ri to’ldirishmaydi yoki tushunmovchilik mavjud. Odamlarning o’ziga bog’liq bo’lmagan muammolar vujudga kelsa, biz yordam berishga tayyormiz, kompensatsiya uchun pul ajratilgan. Birlashgan Qirollikdagi barcha baliqchilar katta imkoniyatlar oldida turibdi”, - deydi Bosh vazir Boris Jonson.

Biroq muammolar yolg’iz baliqchilik sohasida emas. Boshqa sohalarda ham uzilish kuzatilmoqda. Soliqqa doir yangi qoidalar sabab Yevropadagi ayrim chakana savdogarlar britaniyalik mijozlariga xizmat ko’rsatishni to’xtatgan, yuk tashuvchi kompaniyalarning ba’zilari esa Britaniyani Yevropaga ulovchi La-Mansh orqali faoliyatida vaqtincha tanaffus e’lon qilgan.

“Yuk tashilmasa, yuk tashuvchilar ham, savdogarlar ham pul yo’qotadi”, - deydi “Rodanto” kompaniyasining import bilan shug’ullanuvchi vakili Edvard Velasko.

Britaniyadan yuborilgan mahsulotlar qo’shimcha nazoratdan o’tayotgani sabab Shimoliy Irlandiyadagi supermarketlar tanqislik bilan yuzlashmoqda. Bu vaqtincha muammomi yoki breksitning muqarrar oqibatimi? Tahlilchi Rem Kortevegning aytishicha, bu sanoatga bog’liq.

“Ayrim tovarlarga kelganda, chegara nazoratiga doir qog’ozbozliklarning ba’zilarini soddalashtirsa bo’ladi. Biroq sog’liqni saqlash, sanitariya, fitosanitariya, oziq-ovqat xavfsizligi nazoratiga kelsak, muammolar strukturaviydir. Umumiy bozorni tark etishning oqibati bu, chunki endi chegarada nazorat mavjud”, - deydi gaagalik mutaxassis.

Britaniya hukumati Yevropa Ittifoqidan mustaqillik kengroq imkoniyatlarga olib kelishini bildirmoqda. Ba’zi sohalarda hozircha shunday bo’lyapti. Masalan, Yaponiyaning “Nissan” avtomobilsozlik kompaniyasi Britaniyadagi zavodlarini yopmasligini aytib, aksincha, elektr avtomobillar uchun batareya ishlab chiqaruvchi yangi zavod qurishga millionlab dollar sarmoya qilishini ma’lum qildi. Ammo boshqa sohalarda, ayniqsa, pandemiya sharoitida shirkatlar hozircha breksitdan foyda ko’rgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG