Breaking News

BRIKS Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi o’rnini egallamoqchi


Rossiyaning Qozon shahrida BRIKS sammiti bo'lib o'tmoqda. 30 dan ortiq mamlakat rasmiylari ishtirokida o’tayotgan anjumanda Prezident Vladimir Putin dunyoda tashkilotga qiziqish katta ekanini ta’kidladi.

Xalqaro hayot - 23-oktabr, 2024-yil - BRIKS yangi Jahon banki bo'lmoqchimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:46 0:00

"Global janub va sharqning BRIKS bilan aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan misli ko’rilmagan qiziqishini inkor etish to’g’ri bo’lmaydi. 30 dan ortiq mamlakat tashkilotga qo’shilish istagini bildirdi. Biroq shu bilan birga, muvozanatni saqlash va BRIKS samaradorligini pasaytirmaslik kerak”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari tashkilot doirasida g’alla birjasini tashkil etish, keyinchalik u orqali boshqa muhim mahsulotlar savdosini yo’lga qo’yish g’oyasini, rangli metallar va olmoslar savdosi uchun alohida platforma tuzishni taklif etdi.

Xitoy Prezidenti Si Zinpin o’z nutqida BRIKS a’zolarini moliyaviy va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilishga chaqirdi.

Si, shuningdek, Ukraina mojarosiga barham berishga, Livan va G’azoda otashkesim o’rnatishga da’vat etdi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi dollardan muqobil xalqaro moliya-to’lov tizimini yaratish rejasini qo’llab-quvvatladi, iqlim o’zgarishi muammosi bilan shug’ullanishga chaqirdi.

Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa Jahon savdo tashkilotini isloh qilish zaruratiga urg’u berdi.

"Sanoatlashtirishni ta’minlash maqsadida savdo qoidalarini tuzatib chiqishga chaqirganmiz. Janubiy Afrika ta’minot zanjirlari, savdo, turizm va moliyaviy oqimlarning tashqi aralashuvsiz, silliq ishlashini istaydi. Bu masalada BRIKS muhim rol o’ynaydi”, - dedi u.

Braziliyaning salomatligi tufayli Qozonga bora olmagan prezidenti Luis Inasio Lula da Silva sammit ishtirokchilariga video orqali murojaat qildi. U Ikkinchi jahon urushidan so’ng tuzilgan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi faoliyatlarini tanqid qilgan holda BRIKS qoshida tuzilgan Yangi taraqqiyot banki a’zo davlatlarga o’zaro to’lovlarni amalga oshirishda qo’l kelishini aytdi.

Lula Rossiya va Ukrainani tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirdi, Isroilning G’azo va Livandagi urushlarini ahmoqlik deb atadi.

Chorshanba kuni Qozonga Turkiya va Ozarbayjon rahbarlari bordi. Anjumanda Venesuela va Eron, Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekiston, Falastin, Belarus prezidentlari hamda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG