Britaniyada politsiya jurnalistlardan pora olganlikda, jurnalistlar esa pora berganlikda gumon qilinar ekan, Bosh vazir Deyvid Kameron Afrikaga safarini erta yakunlab, vataniga qaytish arafasida. Ertaga olti haftalik ta'tilga chiqishi kutilgan parlament chorshanba kuni favqulodda majlis o'tkazmoqchi. London politsiyasi boshlig'i Pol Stivenson iste'fo bergan.
Dastlabki tergov natijalariga ko'ra, milliarder Rupert Murdokka tegishli The News of the World gazetasi jurnalistlari yuzlab taniqli insonlar, siyosatchilar, raqib muxbirlar va hattoki qotillik qurbonlarining telefonda qoldirilgan ovozlarini olish maqsadida politsiyaga mo'maygina pora bergan. AQSh Federal Qidiruv Byurosi Rupert Murdokka Amerikada tegishli axborot vositalarini tekshirishga kirishgan.
The News of the World gazetasi sariq matbuot toifasiga kiradi, ya'ni sahifalarida asosan san'at va sport yulduzlari, qirolicha oilasi, siyosatchilar shaxsiy hayotiga doir norasmiy ma'lumotlar chop etiladi.