Breaking News

London Rossiyaga doir hisobotni saylovdan oldin chiqarmoqchi emas


Britaniya hukumati Rossiyaning bu mamlakatda demokratik jarayonlarga aralashganini o’rgangan hisobotni chop etishdan bosh tortmoqda. Hisobotni 12-dekabrga belgilangan umumiy saylovlardan oldin chop etishga qaratilgan da’vatlar yangramoqda.

Xalqaro hayot - 28-noyabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:48 0:00

Parlamentning Razvedka va xavfsizlik qo’mitasi hisobotni bir necha oy oldin tayyorlagan, qo’mita raisi hujjat nashr uchun tayyor, demoqda. Biroq ba’zi kuzatuvchilarning aytishicha, hisobotdagi ayrim ma’lumotlar hukmron konservatorlar mavqeiga putur yetkazishi mumkin, shu sabab hukumat uni saylovdan oldin chiqargisi yo’q.

Hisobotda rasmiy Moskvaning Britaniya demokratiyasi, jumladan 2016-yilda Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo’yicha referendum va 2017-yil umumiy saylovlarga aralashuviga doir da’volar o’rganilgan. Hujjat ustida ish mart oyida yakunlangan, ammo hukumat uni chop etishga shoshmayapti.

“Hisobot chop etilmasa, mish-mishlar, shubhalar ko’payaveradi”, - deydi Londondagi “Genri Jekson jamiyati” deb nomlanuvchi neokonservativ tahlil markazining Rossiya bo’yicha eksperti Endryu Foksol.

Ba’zilar hisobotda Rossiya va hukmron Konservatorlar partiyasi o’rtasida aloqa tilga olingani haqida shubha bildirgan.

“Hukumat hisobotdagi ba’zi ma’lumotlar uni saylovdan oldin noqulay ahvolga solib qo’yishidan xavotir olayotgan bo’lishi mumkin. Bu demokratiyamiz uchun xavfli holat”, - deydi Londondagi “Yevropacha islohot markazi” tahlil institutidan Ian Bond.

“Breksitdan Rossiyaga qanday foyda” degan savol tug’ilishi mumkin.

“Yemirish. Raqiblaringiz faoliyatini qanchalik izdan chiqarsangiz, shunchalik kuchayasiz. Birlashgan Qirollik Yevropa Ittifoqidagi kursisini bo’shatsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni davom ettirishga ovoz bittaga kamaydi deyavering”, - deydi Bond.

Konservatorlar hisobot ularga zarar berishini inkor etmoqda.

“Rossiya yoki Kreml saylov jarayonimizga aralashib, biror natijaga erishgani haqida hech bir dalil yo’q”, - deydi Tashqi ishlar vazirligida Yevropa va Amerika bilan aloqalarga mas’ul Kristofer Pincher.

Hukumatning bildirishicha, hisobot xavfsizlik xizmatlari tasdig’idan o’tmoqda. Biroq hujjatni tayyorlagan deputat Dominik Grivning aytishicha, xavfsizlik idoralari uni chop etishga ruxsat berib bo’lgan.

“Bu xalqdan, parlamentdan haqiqatni yashirishdan, demokratiyamizni oyoqosti qilishdan boshqa narsa emas”, - deydi muxolifat vakili, soya hukumatida tashqi ishlar vazirasi Emili Tornberri.

Ayrim xabarlarda konservatorlarning o’tmishda Kreml bilan aloqasi bo’lgani aytiladi.

“2012-yilda “Rossiyaning konservativ do’stlari” degan Kreml xayrixohligida va Rossiyaning Londondagi elchixonasida ishlovchi josus yordamida bir tashkilot tuzilgan edi. Agentning Rossiya Federal xavfsizlik xizmati a’zosi ekani ehtimoli oydinlashdi. Ushbu tashkilot, ushbu guruh yuqori martabali torilar, Konservativ partiya a’zolari orasida jiddiy e’tibor qozondi, ammo leyboristlardan deputat Kris Brayantga qarshi “kompromat” chiqarganidan so’ng tarqalib ketdi”.

AQShda esa maxsus prokuror Robert Myuller o’tkazgan tergov Rossiya 2016-yil prezident saylovlariga aralashgan deya xulosa qildi. Saylovda Trampga yutqazgan Xillari Klinton Britaniya hukumatining hisobotni chop etmaslik qaroridan ajablandi.

“Rossiyaning saylovga aralashgani haqidagi hisobotni hukumat chop etmayotgani meni ajablantirmoqda. Axir ovoz berishga hozirlanayotgan har bir odam uni saylovdan oldin ko’rishga loyiqdir”, - deydi Klinton.

Bosh vazir Boris Jonson hisobot uning partiyasiga zarar qilishi haqidagi shubhalarni chetga surib qo’yib, bu ish saylovdan keyin bo’lishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG