Britaniyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi o’rinbosari Jonatan Allenning aytishicha, sobiq rus josusi va uning qiziga hujumda Rossiyaning aloqadorligiga ishora qiluvchi dalillar bor.
Britaniyada 2010-yildan beri yashab kelayotgan Sergey va Yuliya Skripal bir necha kun oldin Solsberi shahrida asab-falaj gazi bilan zaharlangan edi. Ikkisining ham ahvoli og’ir.
Britaniya rasmiylariga ko’ra, “novichok” nomi bilan yuritiluvchi bu modda Sovet Ittifoqida ishlab chiqilgan.
“Urushda taqiqlangan bu qurol 4-mart kuni mening yurtimdagi tinch bir shaharda qo’llandi. Bu insonlar hayotiga befarq shaxslar tomonidan amalga oshirilgan ish bo’ldi”, - dedi Allen.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli ittifoqchisining ayblovlarini qo’llab-quvvatladi.
“A’zo davlatlar kimyoviy qurollarga qarshi ekanini bot-bot aytib kelishadi, ammo ayni paytda bir a’zo davlat boshqa bir suveren a’zo davlat tuprog’ida kimyoviy qurolni qo’llaganlikda ayblanmoqda. Agar Rossiyani tartibga chaqirmasak, Xavfsizlik Kengashiga ishonch yo’qoladi”, - dedi u.
Rossiya elchisi Vasiliy Nebenzya Britaniya ayblovlarini inkor etdi.
“Rossiyaning bu voqeaga zarracha ham aloqasi yo’q. London bizga qo’ygan ultimatum bilan ishimiz yo’q. Biz uchun u yo’q narsa”, - dedi elchi.
Nebenzyaning aytishicha, agar gaz Rossiyadan chiqqan bo’lsa, u holda Britaniya sobiq josusga qarshi qo’llangan moddadan namunani Moskvaga uzatishi zarur, ammo shu paytgacha bunday bo’lgani yo’q.
BMT bosh kotibi so’zlovchisiga ko’ra, davlat tomonidan asab gazini qo’llash xalqaro qonunga ziddir.
Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning aytishicha, uning mamlakati Rossiyaga qarshi iqtisodiy choralar hozirlamoqda, Rossiyaning bu mamlakatda ishlayotgan 23 diplomati Britaniyadan haydaladi. Kreml javob choralari haqida ogohlantirmoqda.
Facebook Forum