2016-yilda AQShda Donald Tramp prezidentlikka saylangan bir paytda Britaniya aholisi Yevropa Ittifoqidan chiqishga ovoz bergan. Tramp bu yili qayta saylanishga harakat qilmoqda, Britaniya esa breksit jarayonini yakunlayapti.
Britaniya hukumati AQShda prezidentlikka kim kelishidan qat’i nazar, bu mamlakat bilan yangi savdo bitimiga kelishishni rejalamoqda.
“Tramp breksitni eng boshidan qo’llab-quvvatlab kelgan. Biroq AQSh bilan savdo bo’yicha muzokaralar o’tkazgan London Vashingtondan ko’p imtiyoz ololmasligini tushundi. Britaniya Amerika bozoriga chuqurroq kirishni istagani sari standartlar va boshqa masalalarda ko’p yon berishiga to’g’ri keladi”, - deydi “Yevropa islohoti markazi”dan Ian Bond.
Londondagi “Brajes guruhi” tahlil markazi direktori Robert Uldsning aytishicha, Britaniya Donald Trampning saylovda g’alaba qilishidan manfaatdorroq. Britaniyada breksitni qo’llab-quvvatlayotgan bir necha qonunchi ushbu guruhga a’zo.
“Donald Tramp Birlashgan Qirollik bilan o’zaro manfaatli savdo bitimiga erishishni istaydi. Gap shunchaki siyosiy afzallikda emas. Bu Britaniya uchun juda muhimdir. Trampning prezidentlikka saylanishi Britaniyaga ish o’rinlari va imkoniyatlar bobida ko’p foyda keltiradi”, - deydi Ulds.
Biroq britan matbuotining o’tgan hafta xabar berishicha, Bosh vazir Boris Jonsonning Konservatorlar partiyasi Trampning raqibi Jo Bayden bilan aloqa o’rnatishga harakat qilmoqda. Bayden o’tmishda breksitni tanqid qilgan. Demokrat nomzodning yaqinda ogohlantirishicha, agar breksit Shimoliy Irlandiya tinchligiga raxna solsa, London AQSh bilan savdo bitimiga umid qilmasligi kerak.
“Bayden saylovda g’alaba qozonsa, undan nima kutish mumkinligini bilsa bo’ladi, NATO kabi transatlantika tashkilotlar bilan faolroq ish olib boriladi. Biroq masalaning salbiy tomoni shundaki, Bayden irland amerikaliklar jamoasiga qattiq bog’langan, axir uning o’zi irland-amerikaliklar oilasidan chiqqan, demak Bayden Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishga doir shartnoma va Shimoliy Irlandiya protokolidagi majburiyatlarining bajaralishini Trampdan farqli o’laroq qattiqroq nazorat qiladi”, - deydi Ian Bond.
Britaniya parlamentida mo’tadil qarashlarga ega ayrim konservator deputatlar Bayden saylanishini xohlaydi.
“Sog’lom konservatorlar uchun Donald Trampning tashvishli populist respublikachiligiga qaraganda Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan meynstrim respublikachilikning qayta kuchga kirishi juda muhimdir. Tramp mag’lubiyati Britaniyada konservatorlar partiyasi uchun mana shu qadriyatlarni yangidan kashf qilish harakatining bir qismi bilan teng bo’ladi”, - deydi Lordlar palatasi a’zosi Daniel Finkelstayn.
Breksit koronavirus pandemiyasi fonida ro’y berarkan, mamlakat mavhumlikka yuz tutmoqda. AQShdagi saylov natijasi Yevropa Ittifoqidan tashqarida yangi yo’ldan borishga harakat qilayotgan bu mamlakat siyosatida katta rol o’ynashi mumkin.
Facebook Forum