Breaking News

Buxoro yahudiylari muzeyi - Amerikada O'rta Osiyoning bir bo'lagi


Buxoro yahudiylari muzeyi, Nyu-York
Buxoro yahudiylari muzeyi, Nyu-York

Amerika qaynar qozondir. Bu qozonga tushgan elatlarning o’zligini saqlab qolishi oson emas. O’rta Osiyoni chorak asr oldin tark etgan Buxoro yahudiylari ham shu muammoga duch kelgan. Ularning Nyu-Yorkdagi muzeyi yosh avlodga bobolarining tarixi va madaniyati haqida ma’lumot uzatishda bebaho resursdir.

O’rta Osiyoda asrlar davomida yashagan Buxoro yahudiylari Sovet Ittifoqi tarqalib ketganidan so’ng asosan Isroil va Amerikaga yo’l oldi. An’analari va dinini cheklab qo’ygan qafas parchalandi. Ammo hurlikni tuhfa qilgan muhojirot bu elat vakillariga arzonga tushmadi.

Buxoro yahudiylari muzeyi - Amerikada O'rta Osiyoning bir bo'lagi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:38 0:00

“Sovet Ittifoqidan ko’ra Amerikada ko’proq assimilyatsiyaga moyil bo’lib qoldik. Chunki biz yashash muhitimizni yo’qotdik. Sharqona bozorlarni, tilimizni, qo’shnilarimizni, mahallamizni. Biz u yerda o’zbek, tojik, buxorocha tillarda so’zlashardik. Bir-birimizni tushunadrik. Bu yerda esa boshqa muhitga tushib qoldik. Televideniye, kino, maktablar farzandlarimiz tarbiyasiga katta ta’sir ko’rsatadigan bo’ldi. Tilimizni unutib, inglizcha so’zlasha boshlashdi, amerikalik bo’lishni xohlashadi. Bu jarayonni to’xtatish mumkin emasligini tushundim. Bir donishmand aytganidek, o’limdan emas, izsiz ketishdan qo’rqaman. O’ziga xos tarix va madaniyatga ega Buxoro yahudiylarining moziyga g’arq bo’lishini istamayman. Iz qoldirgim keladi”, - deydi Nyu-Yorkning Kvins rayonidagi muzey asoschisi va direktori Aron Aronov.

Aron Aronov, Buxoro yahudiylari muzeyi direktori
Aron Aronov, Buxoro yahudiylari muzeyi direktori


U hozir 77 yoshda. Amerikaga 1989-yilda kelgan. Muzey Buxoro yahudiylari gimnaziyasi binosida joylashgan.

“Bu faqat Buxoro yahudiylari merosi muzeyi emas, balki Markaziy Osiyo xalqlari muzeyi hamdir. Buxoro yahudiylarini mintaqa mazmunidan alohida holda ko’rish mumkin emas. Ko’p an’analarimiz, kiyimimiz, taomlarimiz o’xshash”.

Muzey Buxoro yahudiylarining O’rta Osiyodagi hayotini yaqqol eks etadi. Aron Aronov har bir eksponatni shaxsan o’zi muzeyga keltirgan.

"Sobiq vatanimizdagi hayotimizni ko’rmoqchi bo’lgan yoshlarning O’zbekistonga borishi shart emas. Muzeyga kirib, ota-bobolari yashagan zamonga sho’ng’isa bo’ladi. Afsuski, yosh va ulug’ avlod o’rtasida jarlik borgan-sari kengaymoqda. Tilda, kiyimda. Biz teatrni sevamiz, ular esa Gollivud kinolarini”, - deydi Aron Aronov.

Muzeyda millat g’ururi, ko’zga ko’ringan shaxslar haqida ham ma’lumot bor.

“Men bu yerda rus davrini ham yoritmoqchiman. 1865-yildan 1917-yilgacha bo’lgan vaqt oralig’ini. Axir biz u paytda etikdo’z, tikuvchi, zargar, sartarosh edik. Sovet davrida esa muhandis, shifokor, olim bo’ldik. Ilmga intilgan, ta’lim olgan paytlarimizni ham ko’rsatishimiz kerak”.

Ikkinchi jahon urushida Buxoro yahudiylaridan 30 ming odam jang qilgan. Har uchinchisi nobud bo’lgan.

“Muzeyda jangovar shuhrat xonasini ham ochmoqchiman. Amerikaliklarga Buxoro yahudiylari ham urushda qatnashgan desam, hayron bo’lishadi, bilishmaydi. Ko’p millatdoshlarimiz frontdan orden-medallar bilan qaytgan”, - deydi u.

Aron Aronov O’zbekistonni chorak asr oldin tark etgan bo’lsa-da, yurtni, odamlarini mehr bilan tilga oladi.

Buxoro yahudiylari muzeyidamiz, Nyu-York
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:56 0:00

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG