Breaking News

Birma demokratiyaga tayyormi?


Birma muxolifati yetakchisi Aun San Su Chi mis koniga qarshi namoyishda qatnashgan buddist rohiblari bilan uchrashmoqda, 29-noyabr, 2012-yil.
Birma muxolifati yetakchisi Aun San Su Chi mis koniga qarshi namoyishda qatnashgan buddist rohiblari bilan uchrashmoqda, 29-noyabr, 2012-yil.
Birmada ro’y berayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar so’nggi yillarda xalqaro hamjamiyat e’tiboriga tushdi. Yaqinda AQSh prezidenti Barak Obamaning mamlakatga tashrifi shundan dalolat beradi.

Birmada demokratiya, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00
Yuklab oling

Ammo Birmaning Kachin va Rakxayn shtatlarida etnik ziddiyatlar hanuz tingani yo’q. Aholi orasida Xitoy sarmoyasi bilan ishga tushayotgan mis koniga qarshi norozilik kayfiyati ham yuqori. Mavjud vaziyat hukumatni, jumladan, muxolifat yetakchisi Aun San Su Chini tashvishga solmoqda.

Prezident Obama Birma Qurolli Kuchlari sobiq yetakchisi, prezident Teyn Sheyn va muxolifat lideri Aun San Su Chini islohotlar yo’lida hamkorlik qilayotgani uchun olqishladi.

“Oldinda qilinadigan ishlar hali ko’p. Islohotga qarshilar ham topiladi. Ammo shu yerda turib ishonch bilan aytishim mumkinki, bu o’lkada to’xtatib bo’lmaydigan ijobiy o’zgarishlar yuz bermoqda”, - dedi AQSh davlat rahbari.

Ammo huquq faollarining aytishicha, Kachin shtatida davom etayotgan isyonkorlar harakati va g’arbdagi Rakxayn shtatini chulg’ab olgan etnik to’qnashuvlar islohotlar yo’liga to’g’onoq bo’lmoqda.

Rakxayn buddistlari hamda Roxinja va Kaman musulmonlari o’rtasidagi to’qnashuvlarda 170 da ortiq odam halok bo’lgan, yuz minglab aholi uy-joyini tark etgan. Ularning aksariyati musulmonlar.

“Human Rights Watch” tashkilotining Osiyo bo’limi direktori o’rinbosari Fil Robertson fikricha, agar zo’ravonliklarning asl sabablariga yechim topilmasa, muammo jiddiy tus oladi.

“Etnik guruhlarning mamlakatdagi kelajagi mavhum. Hukumatning Rakxayn va Kachin shtatlarida vaziyatni nazorat qila olmagani boshqa etnik guruhlarni ham tashvishga solmoqda”, - deydi Robertson.

Aun San Su Chi millatlararo totuvlikka erishish masalasini o’zining siyosiy dasturiga kiritgan. Ammo u mazlum Roxinja musulmonlari haqida bir og’iz ham gapirmagani uchun faollar tanqidiga uchradi.

Tahlilchilar fikricha, muxolifat yetakchisi aholining asosiy qismi bo’lgan buddistlar e’tiboridan qolishni istamaydi. Shuning uchun u tub aholi “noqonuniy kelgindilar” deb atovchi musulmonlar haq-huquqlari haqida gapirmaslikni afzal ko’rgan.
Bangkokda joylashgan Xavfsizlik va xalqaro aloqalar instituti direktori Titinan Pongsutirak ham shunday fikrda.

“Aun San Su Chi o’z siyosiy maqsadlarini hisobga oladi. U 2015-yilgi saylovlarda g’alaba qilishga umid qilmoqda. Shuning uchun saylovchilarini xafa qilishni istamaydi. Ayni paytda ro’y bergan huquqbuzarliklar juda jiddiy va ular haqida gapirish lozim”, - deydi tadqiqotchi.

Xitoyga qarashli mis koniga qarshi uyushtirilgan namoyishlar kuch bilan bostirildi. Faollar e’tiroziga ko’ra, hukumat sobiq harbiy rejim davrida imzolangan bitimlarni himoya qilish uchun inson huquqlarini buzishda davom etyapti.

Yana bir tadqiqotchi Tura KoKo nazarida, siyosiy islohotni amalga oshirmasdan turib iqtisodiy farovonlikka umid qilmasa ham bo’ladi.

“Xorijlik investorlarni himoya qilish noto’g’ri yo’lga qo’yilgan. Qo’shni o’lkalardan kelgan sarmoyadorlarga keng huquqlar berilgan, insfrastruktura, tabiiy zaxiralar ular ixtiyorida. Ammo xorijiy tadbirkorlar haddidan oshib ketyapti”, - deydi tahlilchi.

Prezident Teyn Sheyn mis koni atrofidagi mojarolarni taftish qilishni Aun San Su Chiga yuklagan.

Hozircha sobiq harbiy va uning sobiq mahbusi o’rtasidagi hamkorlik demokratiya sari yo’l ochmoqda. Odamlar kelajak yanada yaxshiroq bo’lishidan umidvor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG