Breaking News

Kaliforniyalik ikki yigit terrorchilarga ko'mak berishga uringan


Kaliforniya shtatidan ikki yigit ikki hafta davom etgan sud ortidan "Islomiy davlat" guruhiga qo'shilish uchun Yaqin Sharqqa borishni rejalaganlikda aybdor topildi.

Kaliforniyaning Anahaym shahridan Nodir Elhuzayl "Islomiy davlat"ga moddiy yordam berishga uringan. Shu yerlik Muhanad Badaviy esa bu ishda unga ko'maklashishda aybdor deb topildi.

Elhuzayl moliyaviy firibgarlikda ham aybdor topildi. U safarini moliyalash uchun o'g'irlangan cheklarni o'z bank hisobiga o'tkazgan. Badaviy esa davlatdan olgan moliyaviy ko'makni Istanbul orqali Isroilga uchadigan samolyot uchun bir tomonga bilet olishga sarflagan.

Elhuzayl 2015-yil may oyida Los-Anjeles xalqaro aeroportida Tel-Avivga uchadigan samolyotga chiqishi oldidan qo'lga olingan edi. U Isroilga bormasdan, Istanbulda qolishni rejalaganini tan olgan.

25 yoshli Elhuzayl moliyaviy firibgarlik uchun 30 yilgacha qamalishi mumkin. Badaviyga esa bu jinoyat uchun besh yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi. Buning ustiga, ularning har biri "Islomiy davlat"ga yordam berishga uringani uchun qo'shimcha yana 15 yilga qamoqqa tashlanishi mumkin.

Sud hukmi shu yil sentabr oyida o'qilishi kutilyapti.

Bu orada, Indiana shtatida yana bir yigit "Islomiy davlat"ga yordam berishga intilganlik aybi bilan hibsga olindi.

18 yoshli Akrom Muslah Braunsburg shaharchasidan Nyu-Yorkka borish uchun avtobusga chiqishi oldidan hibsga olingan.

Nyu-Yorkdan u Marokashga, so'ng "Islomiy davlat" nazoratidagi hududga uchishni mo'ljallagan.

U terrorchi guruhga qo'shilishga uringani taxmin qilinadi.

Agar aybdor topilsa, 20 yilgacha qamoq jazosiga va bir umrlik nazorat ostida bo'lishga hukm qilinishi mumkin. Shuningdek, 250 ming dollar jarimaga tortilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG