Breaking News

Kanada va Lotin Amerikasi davlatlari Venesuelada kuch ishlatilishiga qarshi


Venesuela poytaxti Karakasda Maduro hukumatiga qarshi namoyishchilar, 2019-yil, 2-fevral
Venesuela poytaxti Karakasda Maduro hukumatiga qarshi namoyishchilar, 2019-yil, 2-fevral

Kanada va Lotin Amerikasi davlatlarining Lima guruhi Venesuelada Maduro hokimiyatiga nisbatan kuch ishlatilmasligini ma'lum qildi.

Ushbu davlatlar vakillarining Ottavada o'tgan yig'ini ortidan qabul qilingan qo'shma bayonotda "kuch ishlatmasdan siyosiy va diplomatik yo'llar orqali tinch o'tish jarayonini qo'llab-quvvatlash lozim"ligi ta'kidlandi.

Anjuman paytida bir guruh namoyishchilar yig'inni bo'lib, "Venesueladan qo'lingni tort!" deb yozilgan plakatlarni ko'tarib chiqdi.

Kanada Tashqi ishlar vaziri Xristya Frilandga ko'ra, namoyishchilar o'z so'zlarini aytish huquqiga ega.

Kanadaning Ottava shahrida o'tgan anjuman paytida namoyishchilar tomonidan tarqatilgan varaqalar, 2019-yil, 4-fevral.
Kanadaning Ottava shahrida o'tgan anjuman paytida namoyishchilar tomonidan tarqatilgan varaqalar, 2019-yil, 4-fevral.

"Venesueladagi siyosiy namoyishchilarning bunday huquqqa ega emasligidan taassufdaman", - dedi Friland.

Lima guruhi yig'ilishidan oldin Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Venesuela xalqi uchun 40 million dollarlik gumanitar yordam ajratib, Maduro hukumatini "qo'rquv va kuch ishlatishga tayyor diktatura" deya qoraladi.

Bu orada 4-fevral kuni AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo o'zini Venesuelaning o'tish davri prezidenti deb e'lon qilgan Xuan Guaydoni qo'llab-quvvatlash haqida Yevropaning 16 davlati qabul qilgan qarorni olqishladi.

Juan Guaido as Venezuela's Interim President Presses on for Change in Venezuela
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

AQSh Guaydo hukumatini tan olgan ilk davlatlardan. AQSh Prezidenti Donald Tramp Venesuela masalasida barcha choralar ko'rilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Yevropa yetakchilari Prezident Maduroga yangi saylovlar o'tkazishni belgilash bo'yicha yakshanbagacha muhlat berib, aks holda muxolifatni qo'llab-quvvatlashi haqida aytgan edi. Maduro bu talabni bajarmadi.

Lotin Amerikasi davlatlarining Lima guruhi anjumani, Ottava, Kanada, 2019-yil, 4-fevral.
Lotin Amerikasi davlatlarining Lima guruhi anjumani, Ottava, Kanada, 2019-yil, 4-fevral.

Rossiya prezidenti so'zlovchisi Yevropa yetakchilarining qarorini qoralab, uni "Venesuela ichki ishlariga aralashish" va "hokimiyat egallab olinishini qonuniylashtirish" deb atadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Venesuela inqirozida hech bir tomonning yonini olmaslikka qaror qildi.

"BMT kotibiyati siyosiy yechim topish jarayonida barcha tomonlarga yordam berishda davom etish uchun hech bir guruhning yonini olmaslikka qaror qildi", - dedi BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish.

Neft narxining tushib ketishi, hukumatning sotsialist siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchrashi va keng yoyilgan korrupsiya Venesuela iqtisodiyotini inqirozga boshladi. Oziq-ovqat, yoqilg'i va boshqa ko'plab birlamchi ehtiyoj mollarining tanqisligi hamda giper inflyatsiya mamlakatni parokanda qilmoqda.

Millionlab odam Venesuelani tark etgani aytiladi.

Maduro hukumatga qarshi namoyishlarni bostirishda, yangi saylov o'tkazish haqidagi chaqiriqlarni rad etishda davom etmoqda. U mamlakatdagi muammolar ortida AQSh turganini aytadi.

Maduro o'tgan oy ikkinchi prezidentlik muddatini boshlagan edi. AQSh va boshqa ko'plab davlatlar hamda mahalliy muxolifat vakillari so'nggi saylovning adolatsiz o'tganini aytadi.

Muxolifat yetakchisi Guaydo yangi saylovlar o'tkazilguncha o'zini muvaqqat prezident deb e'lon qilishga konstitutsion haqqi borligini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG