Breaking News

Karter Kongressdan Trans Tinch okeani hamkorligi bitimini tasdiqlashni so'ramoqda


AQSh Davlat kotibi Eshton Karter
AQSh Davlat kotibi Eshton Karter

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Osiyo bo’ylab safarga chiqishdan oldin Trans Tinch okeani hamkorligi tashkilotini Obama ma’muriyatining Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga doir siyosatining muhim qismi deb atadi. Karter AQSh-Xitoy munosabatlarini kuchaytirishga chaqirdi.

AQSh mudofaa vazirining Arizona davlat universitetida so’zlashicha, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi Amerika kelajagi uchun juda muhim, chunki 2050-yilga borib dunyo aholisining yarmi, 2030-yilga borib esa jahondagi o’rta sinf vakillarining yarmidan ko’pi shu hududda yashaydi, mintaqada mudofaa xarajatlari o’smoqda.

Eshton Karterning talabalarga aytishicha, mintaqada tinchlik, farovonlik, taraqqiyotni ta’minlash o’sib kelayotgan avlodning asosiy strategik vazifasi bo’ladi.

Karter Kongressdan har ikki partiya vakillari tomonidan tayyorlangan qonun loyihasini tasdiqlashni so’ramoqda. Savdoni targ’ib qilish vakolatini beruvchi hujjat Prezident Obamaga Trans Tinch okeani hamkorligi tashkilotidagi qolgan 11 mamlakat bilan qulay bitim imzolash imkonini beradi.

"Shunda Qo’shma Shtatlar boshqa mamlakatlardan o’zimizga yaqin bo’lgan andozalarni qabul qilishni so’raydi, masalan, hukumat faoliyatining tiniqligi, intellektual mulkka doir qonunlar, ochiq va erkin internet, atrof-muhit muhofazasi, ishchilar huquqlari. Tashkilot Amerika tovarlari va xizmatlari uchun Osiyo va Tinch okeani mintaqasining eng tez rivojlanayotgan bozorlarida to’siqlarni kamaytiradi”, - deydi Karter.

AQSh mudofaa vaziri tashkilotni Amerikaning mintaqadagi siyosatining muhim qismi deb ko’radi.

Karterning aytishicha, bir necha yillik muzokaralar cheksiz davom etishi mumkin emas.

"Mintaqa davlatlari ba’zi hollarda ochiq tarzda emas, balki bosim va maxsus kelishuvlar orqali bozorlarni egallamoqda", - deydi u.

Qo’shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchilar hamda Hindiston va Janubi-sharqiy Osiyo bilan uzoq yillik aloqalarni kuchaytirmoqda. U Xitoy mudofaa byudjeti, kiber-bo’shliqdagi faoliyati, Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi harakatlari yuzasidan xavotir bildirdi.

"AQSh va Xitoy ittifoqchi emas, ammo shu bilan birga raqib bo’lishimiz ham shart emas. Mustahkam, konstruktiv AQSh-Xitoy aloqalari global xavfsizlik va farovonlik uchun muhim. Raqobat va hamkorlik qilishda davom etarkanmiz, munosabatlarning oson bo’lmasligi aniq", - deydi Karter.

Gavayidagi Tinch okeani forumi tahlil markazi direktori Bred Glossermanning aytishicha, Osiyo rahbarlari Trans Tinch okeani hamkorligi tashkilotining muvaffaqiyatiga qarab AQSh siyosatiga baho bermoqchi.

"Tashkilot AQShni mintaqadagi boshqa davlatlar bilan bog’laydi. Ittifoqchilarimiz biladiki, biz ularning xavfsizligini ta’minlashga tayyormiz, raqiblar esa bu mamlakatlarga hujum AQShga ham hujum bilan teng ekanini anglaydi. Iqtisodiy, biznes, savdo, siyosiy choralar orqali ittifoqchilar va raqiblarga birligimiz mustahkam ekanini, bu AQSh tashqi siyosatining strategik bo’lagi ekanini namoyish etgan bo’lamiz", - deydi Glosserman.

Tahlilchining aytishicha, Trans Tinch okeani hamkorligi tashkilotining muvaffaqiyati AQSh ichki siyosatiga, har ikki partiya qonunchilarining savdoni targ’ib qilish vakolatini prezidentga berishga tayyorligiga bog’liq. Shundagina davlat rahbari savdo bitimlarini muzokara qilish imkoniyatiga ega bo’ladi. Kongressgda esa kelishuvni tasdiqlash yoki rad etish vakolati qoladi.

Karter Tokioda rasmiylar bilan uchrashar ekan, AQSh va Yaponiya mudofaa bobidagi hamkorlikni kengaytirib boradi, dedi.

Tomonlar mudofaa hamkorligiga doir shartnomani yangilamoqda.

Karter bugun Yaponiya Mudofaa vaziri Gen Nakatani bilan gaplashib, AQShning Osiyo strategiyasi xususida fikr almashgan. Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Sharqiy Xitoy dengizidagi orollar bilan bog'liq munozarada o'z pozitsiyasida qat'iy turadi.

"Prezident Barak Obamaning 2014-yil iyulida bildirgan fikrini qaytaraman. Yaponiya bilan xavfsizlik bitimi uning boshqaruvi ostidagi barcha hududlarni o'z ichiga oladi. AQSh Yaponiyaning Senkaku orollaridagi boshqaruviga tahdid soluvchi bir tomonlama do'q-po'pisalarga keskin qarshi", - dedi Amerika mudofaa vaziri.

Xitoy kimsasiz orollarni xitoychasiga Diaoyu deb ataydi va ularga da'vo qiladi. Bir necha yildan beri Xitoy munozarali hududni dengiz va havo orqali nazorat qilib keladi.

Vashington bu masalada hech kimning yonini olmasligini bildirib keladi, ammo Xitoyni hamisha agressiv harakatlardan ogohlantiradi.

"Biz orollarning harbiylashtirilishiga qarshimiz", - deydi Eshton Karter.

Xitoy dengiz bo'yidagi davlatlar bilan muloqot qilayotganini aytib, AQShni mas'uliyatliroq bo'lishga chaqiradi.

Bugun Karter Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan ham uchrashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG