Breaking News

AQSh mudofaa vaziri nazarida Iroq jangarilarga qarshi kurashda passiv


AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Kongress Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasidagi tinglovda so'zlamoqda, 17-iyun, 2015-yil
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Kongress Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasidagi tinglovda so'zlamoqda, 17-iyun, 2015-yil

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Iroq hukumatini "Islomiy davlat"ga qarshi dadilroq jang qilishga chaqirmoqda.

"Jangarilarga qarshi kurashayotgan qurolli kuchlarga kam odam qo'shilmoqda. Kuz mavsumigacha to'rt joyda 24 ming kishini harbiy tayyorgarlikdan o'tkazishni rejalagan edik, ammo 7000 iroqlik xohish bildirdi, xolos", - dedi Karter Kongress Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasidagi tinglovda.

"Islomiy davlat"ga qarshi samarali jang qilish uchun Iroqqa shijoatli, layoqatli, qonuniy qo'shinlar zarur" dedi u.

Karterga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Iroqqa oldingidan ko'proq yordam berishga tayyor, ammo buning uchun hukumatning barcha jabhalari ham kurashga tayyor ekanini namoyish etishi lozim.

O'tgan hafta Prezident Obama mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorlash uchun Iroqqa qo'shimcha 450 ta amerikalik harbiyni yuborishga qaror qildi. Iroq qo'shinlari Anbar viloyatini jangarilardan tortib olishga harakat qilmoqda.

"Islomiy davlat"ni yengish uchun, deydi AQSh mudofaa vaziri, hukumatga barcha siyosiy kuchlarni jalb etish zarur.

Ayni damda Iroq hukumati tarkibida asosan shialar ishlaydi, "Islomiy davlat" esa sunniy jangarilardan iborat.

Obama Iroqqa qayta qo'shin kiritish da'vatlariga quloq solmay keladi, AQSh jangarilarni havodan nishonga olmoqda, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG