AQShda milliy bayroqlar tushirilgan. Amerikaliklar 100 yoshda olamdan o’tgan 39-prezident Jimmi Karterni xotirlamoqda.
1977-yilda prezidentlikni boshlagan Karter qasamyod marosimida xalqqa, jahon tinchligi uchun xizmat qilishga so’z bergan.
2002-yilgi Tinchlik uchun Nobel mukofotining sohibi prezidentlik paytidagi xizmatlari emas, balki Oq uydan ketganidan so’ng 45 yil davomida tinchlik yo’lida olib borgan faoliyati uchun hurmatga sazovor arboblardandir.
Karter 1924-yil 1-oktabrida Jorjiya shtatining Pleyns shahrida tug’iladi, harbiy-dengiz akademiyasini bitirib, suvosti kemasida xizmat qiladi. Otasining o’limidan so’ng oilaviy ferma unga meros bo’lib qoladi.
1960-yillarda irqiy tenglik uchun kurash avj olgan mahal Karter Jorjiya kengashida ikki muddat qonunchilik qiladi, 1971-yilda shtat gubernatori etib saylanadi.
“Sizga ochiq aytamanki, irqiy kamsitish davri tugadi”, - deydi u qasamyod marosimida.
1976-yilda Karter respublikachi raqibi Jerald Fordni prezident saylovida mag’lub etib, to’rt yilga saylanadi. Uning vositachilik harakatlari tufayli 1979-yilda Misr va Isroil o’rtasida tinchlik bitimi imzolanadi.
"Prezidentlikka saylanganimda arablar va isroilliklar o’rtasida oxirgi 25 yilda to’rtta urush bo’ldi”, - deydi u 2009-yilda o’tmishga nazar tashlab.
Karter, shuningdek hozir Donald Tramp tortib olmoqchi bo’lgan Panama kanalini Panamaga topshirishga qaratilgan muzokaralarda qatnashgan, Xitoy Xalq Respublikasi bilan to’liq diplomatik aloqalar o’rnatgan.
1979-yilda Eronda yuz bergan islomiy inqilobdan so’ng hokimiyatdan ag’darilgan shohni qo’llab-quvvatlagan AQSh elchixonasi bosib olinib, 66 ta amerikalik garovga olinadi.
Ularni ozod etishga qaratilgan harbiy amaliyot muvaffaqiyatsizlikka uchrab, sakkiz harbiy o’ladi.
Eron bilan aloqalarning uzilishi AQShda yoqilg’ining qimmatlashishiga olib keladi. Inflyatsiya va ishsizlik keyingi saylovda respublikachi nomzod Ronald Reyganning saylanishiga sabab bo’ladi.
Karter esa Atlanta shahrida prezident kutubxonasiga asos soladi.
Yillar o’tib, Karter markazi jiddiy tashkilotga aylanadi, dunyo bo’ylab 100 dan ortiq saylovlarni kuzatadi, qashshoq mamlakatlarda kasalliklarga qarshi kurashadi. Karterning o’zi esa ko’plab xalqaro siyosiy munozaralarni hal etishda vositachilik mahoratini namoyish etadi.
Sobiq prezident 2015-yilda miya saratoni bilan kasallanadi. O’tgan yili 96 yoshda uning rafiqasi Rozalin olamdan o’tadi. Ya’ni juftlik 77 yil birga umr kechiradi.
“Qo’shma Shtatlar kelajakda dunyoda tinchlik va inson huquqlari, ekologik sifat, tenglik uchun kurashda yetakchi mamlakat bo’lishini istardim. Shindagina haqiqiy super qudratli davlat bo’lamiz”, - degan edi Karter 2019-yilda “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida.
Karter AQSh tarixida eng uzoq umr ko’rgan davlat rahbaridir.