Breaking News

Kataloniya rasmiylari Belgiyaga qochdi, ammo boshpana so'ramoqchi emas


Puchdemon Bryusselda matbuot anjumani paytida, 31-oktabr, 2017-yil
Puchdemon Bryusselda matbuot anjumani paytida, 31-oktabr, 2017-yil

Ispaniya Bosh prokurori Xose Manuel Masa mustaqillik haqida referendum bo’lib o’tgan Kataloniya mintaqasi rahbarlarini isyonda va bo’lginchilikda ayblab, ularga qarshi jinoiy ish qo’zg’atmoqda. Ular 30 yilgacha qamallishi mumkin.

Markaziy hukumat tomonidan vazifasidan ozod etilgan Kataloniya hukumati rahbari Karles Puchdemon hozir Belgiyada. Bryusselda o'tgan matbuot anjumanida Puchdemon Belgiyada siyosiy boshpana so’ramoqchi emasligini bildirdi.

Referendum Kataloniyada 1-oktabr kuni o’tkazilgan, o’tgan hafta esa Ispaniyadan mustaqillik e’lon qilgan mintaqaviy hukumat a’zolarining ba’zilari hibsga olinishi mumkin. Puchdemon bilan birga Belgiyaga Kataloniyaning yana besh vaziri ketgani aytilmoqda.

Bosh prokuror ularni davlat byudjetini noqonuniy ishlatganlikda ham ayblamoqda, ammo rasmiylarni hibsga olish uchun sud qaror chiqarishi kerak.

Siyosiy blogger Luis Kornagoning aytishicha, Puchdemon mintaqani tark etib xato qilgan bo’lishi mumkin.

“Hozir ularning hibsga olinish ehtimoli yuqori, ammo ba’zi kuzatuvchilarning taxmin qilishicha, ular aynan shuni xohlayotgan bo’lishi ham mumkin”, - deydi blogger.

Ispaniya hukumati Kataloniyada dekabrda muddatidan erta saylovlar e’lon qilgan. Puchdemon ungacha hibsga olinmasa, nomzodini qo’yishi mumkin.

Quruq saylovlar bilan bu siyosiy inqirozga barham berib bo’lmaydi, deydi Kornago.

“Markaziy va mintaqaviy hukumatlar muzokara qilishi kerak. Agar Kataloniya mustaqilligini himoya qilayotgan partiyalar saylovda 2015-yilda bo’lgani kabi yana g’alaba qozonsa, natija o’sha-o’sha bo’ladi, - deydi blogger.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG