Ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik Markaziy Osiyo jamiyatlarida eng chuqur ildiz otgan va eng kam muhokama qilinadigan tub muammo. AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo bo’limida besh oy davomida malaka oshirgan, tadqiqot sirlarini o’rgangan to’rt yosh mutaxassis, Qozog'iston va Tojikiston vakillari, radikalizm va jinoyat, aholini ro’yxatga olish, uy-joy ta’minoti va ko’chmas mulk bozori hamda xotin-qizlar yuzlashadigan muammolarga e’tibor qaratdi.
“Amerika Ovozi” va Vashingtondagi boshqa muhim dargohlarga tashrif buyurib, siyosiy va ilmiy doiralar bilan tanishgan yoshlar vataniga konkret maqsadlar bilan qaytmoqda. Ular kelajagini yurtida ko’radi. AQShda orttirilgan bilim va tajriba u yerda qo’l kelishiga ishonadi.
Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo bo’limi rahbari, professor Marlen Laruel deydiki, mintaqadan yiliga atigi bir necha mutaxassisni olib kelish imkoniyati bor.
Biroq ular qilayotgan izlanishlar, yozayotgan maqolalar va boshlayotgan tashabbuslar bebaho. Markaziy Osiyoni taraqqiy ettirish, jamiyatlarni ravnaq toptirish - shunday intiluvchan, tanqidiy-tahliliy fikrlovchi yoshlar qo’lida, deydi Laruel xonim.
Yoshlar, jinoyat va radikalizm
Serik Bessembayev - Qozog’istonda ilmiy tahlil markazlari rivojlanishi, davlatga maslahat beruvchi asosiy organlarga aylanishi yo’lida ishlayotgan professional. Yoshlar orasida jinoyat ko’lamini pasaytirish, ularning to’g’ri tarbiya olishi va zarur bilimga ega bo’lishi uchun hukumat va jamoatchilik nima qilishi kerak?
Bessembayev shu yo’nalishda bosh qotirmoqda. Adashgan, qora ishlar qilib sudlangan yoshlar bilan suhbatlashib, noyob ma’lumotlar yig’moqda. Qamoqxona va hibsxonalarga borib, mahbuslar qissasini tinglamoqda.
Uning asosiy xulosasi shuki, qashshoqlik, yetishmovchilik, mas’uliyatsizlik va befarqlik shaxs va u yashaydigan jamiyatni buzadi. Lekin yoshlar ilojsizlik yoki repressiya sabab radikal guruhlarga ergashmoqda, erkin va to’q yashasa bunday bo’lmas edi deyish haqiqatni aks ettirmaydi.
Boy va bilganini qilib katta bo’lgan odamlar ham ekstremistlarga qo’shilayotgani ma’lum, deydi u. Yoshlar bilan tinimsiz ishlash kerak, ularning ruhiy salomatligi, oilasi, atrof-muhit qanday ekani muhim omillar, deya tushuntiradi Qozog’istonning olis hududlarida izlanishlar olib borgan Bessembayev.
Uning hukumatga hozirgi tavsiyasi: jinoyat nima va unga qo’l urgan kishini nimalar kutishi xususida maktablarda maxsus mashg’ulotlar olib borish kerak. Mayda jinoyatlar qilib o’rgangan odam katta jinoiy doiralarga qanday qilib kirib qolganini bilmay qoladi ba’zida, deydi u, qutulib ketaman deb o’ylashadi.
Natijada nafaqat o’zi balki atrofdagilarning hayotini ham xazon qilish ehtimoli baland. Vaqtida chora ko’rish, vaqtida yordam berish kerak. Oila, mahalla-ko'y va hukumat muammoni vaqtida ilg’ay olishi shart.
Mutaxassis yulg’ichlik ham tub muammo ekani, aholi orasida davlat va adolatga nisbatan ishonch pastligini biladi. Biroq, deydi u, yoshlar buzilib ketayotganini ko’ra turib, befarq bo’la olmaymiz. Chunki zararini hamma ko’radi.
Propiska - azob
Malika Tukmadiyeva - aholini ro’yxatga olish, propiska, masalasini o’rganib kelayotgan mutaxassis. Bu shunday narsaki, u har bir fuqaroning turmushida muhim rol o’ynaydi, tug’ilganingizdan o’lguningizgacha. Biroq katta sahnada deyarli tilga olinmaydi. Talab shu, deya odamlar propiska masalasini bir amallab hal etadi, ko’p hollarda pora evaziga, deydi Tukmadiyeva.
Markaziy Osiyoda O’zbekiston va Qozog’istonda propiska odamlar uchun azob, deydi tadqiqotchi. Uning tahlilicha, Sovet davri sarqiti deya mustaqillikning ilk yillarida qoralangan propiska tizimi baribir amalda qolaverdi. U fuqaroni kamsitadigan, nazorat ostida saqlaydigan va hukumat ming inkor etmasin, samarasiz bir sistema.
Davlat u orqali ichki migratsiyani kontrol qilayotganini, terrorizmga qarshi kurashayotganini, xavfning oldini olayotganini da’vo qiladi. Rasmiylar Tukmadiyeva singari yosh mutaxassislar ko’tarayotgan muammo aslida muammo emasligini aytadi. Fakt shuki, deydi Tukmadiyeva, Ostona, Almati va Toshkent singari metropolislarda bugun yuzlab ming odam propiskasiz yoki pora evaziga olingan muhr, ruxsatnoma, bilan yashab kelmoqda.
Almatida aholining kamida 20 foizi propiskasiz, Toshkentda ham kamida 20 foiz deb taxmin qilinadi. Viloyatlardan kelib joylashish qonunan mumkin bo’lmay qolgan. Taqiqlar bilan masala hal bo’lmaydi, chunki hayot uchun kurash to’xtamaydi.
Tizimni yangilash, tartibni oydinlashtirish, fuqaro o’z vatanida istagan joyida yashashga haqli ekanini tan olgan holda yangicha ro’yxatga olish uslubini yo’lga qo’yish kerak. Bu borada na Qozog’iston va na O’zbekistonda biror siljish bor, mutasaddilar hatto og’iz ochmaydi. Nazorat qilish kerak, zamon shuni talab qiladi, degan gaplarni eshitasiz.
Uy-joyli bo'lish tobora qiyin
Tojikistonlik Ksenyiya Mironovaning aytishicha, Dushanbeda yashash tobora qiyinlashib bormoqda. Xalqaro tashkilotlarda ishlab, hozirda bu sohada izlanayotgan mutaxassis fikricha, vatanida ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik, boy va kambag’al orasidagi tafovut shu qadar kengki, uysizlar va katta saroylarda yashaydigan fuqarolar hayotini qiyoslab, bu kinomi yo real hayot, deysiz. Bu holatni qo’shni mamlakatlarda ham ko’rasiz.
Xususiylashtirish davrida turar joyidan ayrilganlar hamda qo’lida biror hujjati yo’q odamlar ko’p. Boshpanasiz qolganlarga xizmat ko’rsatish tizimi ishlamaydi. Uysizlar hukumatdan madad kutmaydi. Jamiyat esa ularga devonalar sifatida qaraydi va najot ko’rsatishga o’rganmagan.
E’tiqod va mehr-oqibat haqida gap ketganda, uysiz daydib yurganlarga yordam berish haqida quruq gap sotiladi xolos. Hukumat uysiz fuqarolar qancha ekani haqida biror raqamga ega emas, chunki hisob qilishni lozim topmaydi, muammo mavjudligi rad etiladi.
Uy-joy yetishmasligi, yangilari barpo etilmayotgani, talab va ta’minot nomutanosibligi sabab kelasi yillarda bu sohada katta inqiroz kutish mumkin, deydi Mironova.
Chet eldagi ishchilardan kelayotgan pul miqdori oshgan sari uy-joy narxi ham ko’tariladi. Hozir ancha pasaygan bir payt lekin jamiyatdagi eng qobil insonlar ham o’z puliga uy sotib ololmaydi. Ijarada yashayotganlar ko’paygan, lekin o’rtacha hisoblaganda, maoshning yarmidan ko’pi ketadi.
Mironova fikricha bu masalada Tojikiston xalqaro tashkilotlar va hamkorlar yordamiga muhtoj. Shu paytgacha turarjoy ta’minoti Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, qolaversa Yevropa Ittifoqi va Amerika nazaridan chetda.
Xotin-qizlar bilimli, ishli va nufuzli bo'lsin
Dilorom Boqixo’jayeva - huquqshunos. Tojikistonning uzoq va yaqin qishloqlarida ayollar hayoti qanchalik mushkul ekaniga diqqat qaratib kelayotgan mutaxassislardan.
Hukumat xotin-qizlar uchun imkoniyat muhayyo, xohish bo’lsa bas, deb keladi.
bilim olishdan kasb-hunar o’rganishgacha; fermerlik, tadbirkorlik, siyosiy faollik, liderlik… Qonunchilik organi va yuqori amallarda, shuningdek, nohukumat tashkilotlarda ham ayollar soni bugun har qachongidan ko’p.
Lekin, deydi Boqixo’jayeva, real hayotda ayollar hamon o’z taqdirini o’zi belgilashga qodir emas. Qarorni oilada ham, jamoatchilikda ham, davlat miqyosida ham erkaklar qabul qiladi. Bu faqat Tojikistonga xos muammo emas, deya tan oladi mutaxassis.
Biroq, uning tahlilicha, diniy uyg’onish ayollar uchun imkoniyatlarni yanada chekladi. Tirikchilik talabi bilan bugun ko’proq ayollar pul topayotgani aniq lekin ular o’zini jamiyatdagi qudratli kuch deb bilmaydi, o’z o’rni va roli borligini tushunib yetmaydi, erkaklar ham ularni bu borada quvvatlamaydi. Ayollar aksariyat hollarda maishiy-oilaviy muammolar changalida.
Tirikchilik qiyinlashgani sari qizlarni o’qitish orqaga ketgan. Ularni yosh erga berish, oilasi buzilgan taqdirda ikkinchi yoki uchinchi xotin sifatida nikohdan o’tkazish, bolalar va o’zlari huquqsiz va hujjatsiz yashash hollari ko’paygan, deydi advokat.
Qo’lida biror guvohnomasi yo’q, mulksiz, savodsiz va hunarsiz ayollar ko’payib borishi jamiyatga har tomonlama zarar, deydi Boqixo’jayeva. U yordam berayotgan xotin-qizlar o’zini mustaqil shaxs deb bilmaydi, o’ziga ishonch hosil qilishi, taqdirini qo’liga olishi uchun uzoq ishlash kerak.
Qishloq ayolini bilimli, kasbli va o’z huquqi va burchini biladigan fuqaroga aylantirish davlat va jamiyatdan kuchli iroda va katta mablag’ talab qiladi, deydi mutaxassis. Ayollar kuchli bo’lsa, yurt ham kuchli bo’ladi, deydi u.
Boqixo’jayevaning kuzatishicha, oyoqqa tura boshlagan xotin-qizlar o’zgarish qilish nafaqat davlat va siyosat balki ularning o’zlariga ham bog’liq ekanini his eta boshlaydi. Nohukumat tashkilotlar ular hayoti osonlashishi uchun harakat qilaverishi kerak, chunki ayollar turmushi yaxshilanishi butun jamiyat hayoti yaxshilanishidan darak, deydi tojikistonlik professional.