Iroq va Suriyada katta hududlarni egallab olgan “Islomiy davlat” guruhi global tinchlikka tahdid deb ko’rilar ekan, Markaziy Osiyoda ayrim ziyolilar uning kuchga to’lishida G’arb siyosatini ayblaydi.
Markaziy Osiyo rahbarlari Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlar, islomiy radikalizm va ekstremizm tahdidi mintaqaga ham raxna soladi degan fikrda.
Prezident Barak Obamaning Amerika xalqiga murojaati, xususan, Suriya masalasida cheklangan kuch ishlatish rejalari regiondagi mutaxassislar orasida turli o’y-fikrlar uyg’otdi.
O’sh shahridagi Xalqaro islom hamkorligi markazi deb nomlangan nodavlat tashkilot rahbari Shayx Sodiqjon Kamolovning aytishicha, Qirg’iziston musulmonlari Iroq va Suriyada xalifalik e’lon qilgan kuchlarni hamda ular qilayotgan noma’qul ishlarni hech qachon oqlamaydi va qo’llamaydi.
“Ayni paytda mazkur guruhlar aynan Amerikaning Yaqin Sharqdagi siyosati tufayli ildiz otgani, AQSh yordamida rasmiy davlat tizimlariga qarshi kurash olib borgani ham sir emas. Oqibatda Vashington o’zi paydo qilgan xavf-xatar bilan olishishga majbur”, - deb hisoblaydi Kamolov.
Uning fikricha, AQShning Yaqin va O’rta Sharqda – xoh Iroq bo’lsin, xoh Liviya yoki Suriya, xoh Misr – demokratiya shiorlari ostida qilgan harakatlari oxir-oqibat mintaqa davlatlarida qarama-qarshiliklar kuchayishi, parokandalik, qon to’kilishiga olib kelmoqda.
Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash masalalari borasida taniqli ekspert, Bishkekdagi Islom madaniyati va sivilizasiyasi tarixi ilmiy izlanish markazining bosh direktori polkovnik Begijon Ahmedov Iroq va Suriyada xalifalikka da’vo qilayotgan kuchga nisbatan qat’iy choralar ko’rish tarafdori.
Ayni paytda u chet ellarda, kim tomondan bo’lmasin, o’tkaziladigan har qanday jiddiy tadbir xalqaro qonun-qoidalarga asoslanishi lozimligini ta’kidlaydi.
“Prezident Obamaning Iroq va Shom Islom davlati nomli terroristik guruhga nisbatan zarbalar berish qarorini to’g’ri, ammo biroz kechikkan, deb hisoblayman. Bu muolaja avvalroq, aytaylik, iyul oyida olib borilganda, minglab odamlar hayoti saqlab qolinardi. O’sha paytda Iroq davlatiga yordam berilganda kurash salmoqli natija berar edi”, - deydi Begijon Ahmedov.
Uning ta’kidlashicha: “ISHID qisqa muddat ichida o’zining o’ta xunrez, vahshiyona amallari bilan ta’nildi, va bunday tashkilotlarni ular kengaymay, dunyoda tarqalmay turib, zararsizlantirish kerak”.
Bu o’rinda turli davlatlar hamjihat harakat qilishlari lozim, deydi ekspert.
Qirg’izistonlik kuzatuvchilar nazarida xalqaro shartnoma va qonun-qoidalarga asoslanmagan harbiy muolajalar dunyoviy tartibning buzilishiga olib boradi. Terrorizmga qarshi kurash geosiyosiy qurolga aylanib bormoqda degan qarashlar yangraydi.
Aytish joizki, Vashingtonning xorijda kuch qo'llash bilan bog’liq rejayu-harakatlari, ko’zda tutilgan maqsaddan qat’iy nazar, har gal xalqaro maydonda tashvish aralash qabul qilinadi.