Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an yaqinda bergan bayonotida Yaqin Sharqda mazhablararo ziddiyat kuchayib, islom dunyosi parchalanish xavfi oldida ekani haqida ogohlantirdi.
Musulmonlar orasida firqaviy tarqoqlikning asosiy sabablari nima, ularni bartaraf qilish uchun qanday choralar ko'rish kerak?
“Amerika ovozi” ushbu mavzuda qirg’izistonlik mutaxassislar va ulamolar fikri bilan qiziqdi.
Qirg’izistonda taniqli tadqiqotchi, yozuvchi, din va xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis Begijon Ahmedov islomdagi ikki asosiy mazhab o’rtasidagi nizolarda ko’proq tashqi kuchlar ta’sirini ko’radi.
“Musulmon davlatlari birlasha olmayotganining qator sabablari bor. Bir tarafdan, o’zaro tushunmovchiliklar, siyosat, geosiyosat ta’siri bo’lsa, ikkinchi tarafdan, mana uch yuz yildirki, dunyodagi global jarayonlarni boshqarib borayotgan, kerak bo’lganda ularni kuchaytiradigan, kerak bo’lsa, pasaytiradigan, lozim topilsa, to’xtatadigan kuchlar bor. Islom olamida ahillik bo’lishi aytilgan kuchlarning maqsad-rejalariga kirmaydi”, - deydi suhbatdosh.
Ushbu tadqiqotchiga ko'ra, asosiy masalalarda ikki yo’nalish tarafdorlari o’rtasida deyarli farq yo’q. Aynan farqlarni kavlashtirish, toifalarni bir-biriga qarshi qo'yish esa nafaqat musulmon olami, balki jahonda tinchlikka rahna soladi.
Ulamo, O’sh shahridagi Xalqaro islom hamkorligi markazi nodavlat tashkiloti rahbari shayx Sodiqjon Kamolovning ta’kidlashicha, islomdagi ikki katta oqim hayotiga siyosat - siyosiy maqsad va siyosiy g’arazlar - aralashishi qarama-qarshiliklarga olib keldi. Bundan islom dini ko’p yo’qotishlarga uchradi, ammo saboq chiqarilmadi. Saudiya Arabistoni rahbariyatining ikki yil muqaddam o’rtadagi nizolarga barham berib, hamjihatlik qaror toptirishga urinishlari ham besamar ketdi, deydi u.
Musulmonlar orasida firqaviy, toifaviy tarqoqlikka barham berish uchun nima qilish kerak? Ikki toifani birlashtirish, ahillashtirish imkoni bormi?
Tadqiqotchi Begijon Ahmedov buning uchun birinchi navbatda dialog, muloqot zarurligini aytadi.
“Nufuzli xalqaro tashkilotlar - BMTdan tortib, Arab Ligasi, Robitatul olami islom, Islom konferensiyasi tashkilotlari, Butundunyo ulamolar uyushmasi - bu ishga bosh-qosh bo’lishlari lozim. Oradagi farqlarni emas, uyg’unlikni targ’ib etmoq darkor”, - deydi Ahmedov.
Shayx Sodiqjon Kamolov barcha masala va muammolarni tinch yo’l, muzokaralar yo’li bilan hal qilinishga chorlaydi.
“Dinimiz tinchlik, ahillikka chaqiradi va biz bu muqaddas qadriyatlarga amal qilishimiz kerak”, - deya xulosa qiladi u.
Begijon Ahmedov, shuningdek, yoshlar ongini zaharlovchi saytlardan uzoqroq bo’lish lozimligini urg’ulaydi.
“Bu qiyin, yechimini topmagan muammo, bu o’rinda biz yoshlarning o’zlari bilan ko’proq ish olib borishimiz joiz”,- deydi u.