Breaking News

Qozog'istonda uran banki ochiladi, kimga kerak?


BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha agentlik Qozog'istonda quyi darajada boyitilgan uran ombori ochadi
BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha agentlik Qozog'istonda quyi darajada boyitilgan uran ombori ochadi

Qozog'istonda BMT uran banki ochish arafasida. "Reuters" axborot agentligiga ko'ra, bank mijozlari kim bo'lishi mavhum. Yadroviy quvvat ishlab chiqarish hamda atom qurollari yaratishda qo'llanadigan xom ashyo saqlanadigan ombor Oskemen shahrida Sovet davridan qolgan eski inshoot o'rnida barpo etilgan. AQSh yordami bilan bu yerdagi yadroviy chiqindilar 1994-yilda tozalangan.

Inshoot uchun 150 million dollar sarflangan. Atom agentligi a'zolari bu bankdan o'z yadroviy sanoatlari uchun zarur moddalarni maxsus jarayon orqali olishi mumkin. Lekin tashkilot aslida mamlakatlarni atom dasturlari boshlamaslikka va mavjud programmalarni yopishga undab keladi. Bank ochishdan maqsad nazoratni ta'minlash.

Mutaxassislar nazarida BMT har doimgidek izchil o'ylab harakat qilayotgani yo'q. Niyat ezgu lekin shuncha mablag' sarflab barpo etilayotgan ombor kimga nima uchun kerak degan savolga atom agentligidan aniq javob yo'q.

Oskemen, oldingi Ust-Kamenogorsk
Oskemen, oldingi Ust-Kamenogorsk

Oskemen, sobiq Ust-Kamenogorsk bo'lib, Qozog'iston poytaxti Ostonadan 1000 km narida. 300 mingdan ziyod aholiga ega. Ishchi-mehnatkashlar shahri. Mamlakatning sharqiy sanoat markazi.

Uran banki uchun mablag'ning katta qismi AQShdan kelgan, xususan multimilliarder Vorren Baffett 50 million dollar bergan.

Bankda 90 tonna quyi darajada boyitilgan uran saqlanadi. Xavfsizlik choralari nihoyatda mustahkam bo'ladi, deydi rasmiylar. Bank o'z temir yo'liga ega. Sement devor uch yarim metr baland va kameralar bilan o'ralgan. Kuchli qurollangan maxsus kuchlar qo'riqlaydi.

Oskemen, oldingi Ust-Kamenogorsk
Oskemen, oldingi Ust-Kamenogorsk

1994-yilda bu yerdagi eski inshoot tekshirilganida SSSRdan qolgan uranning 90 foizi o'g'irlab ketilgani ma'lum bo'lgan edi.

O'sha yilning kuzida AQSh mutaxassislari 600 kg radioaktiv materialni xavfsiz joyga ko'chirgan. Undan 24 atom bombasi yaratish mumkin edi.

Qozog'iston o'z hududini yadroviy chiqindilardan tozalashda xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlagani uchun ishonch va hurmat qozongan va yangi uran bankini shu yerda ochishga qaror qilingan.

Ombor Qozog'iston davlatiga tegishli emas, balki BMT mulki bo'ladi. Inshoot butkul atom agentlik iznida.

Rossiya 2010-yildan beri shunday zaxiraga ega, Sibir janubida, Angarsk elektro-kimyoviy majmuasida. 1954-yilda ochilgan bu kompleksda bir paytlar uran boyitilgan.

Ekspertlar deydiki, Angarskdagi omborga talab juda past. Bu xush xabar, deydi ular, Oskemendagi bankdan ham qanchalik kam foydalansak, dunyo shunchalik tinchroq bo'ladi. Agentlik quyi darajada boyitilgan uranni davlatlarga keskin tekshiruv va talablar ostida berishga bel bog'lagan bo'lsa-da, hukumatlarga ishonch past. Ular olingan moddani energiya ishlab chiqarish uchun emas, bomba yaratish uchun ishlatishi mumkin degan xavotir kuchli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG