Din inson miyasini zaharlaydi deya ta’lim bergan kommunistik tuzum barham topganidan deyarli chorak asr o’tib, mintaqa bo’ylab taqvodor xotin-qizlar ko’paygan. Markaziy Osiyoda dindor qatlam shakllandi. Hukumatlarga ko’ra, islom qadim madaniyatning ajralmas qismi va dunyoviy tuzumni saqlab qolish uchun davlat zarur chorani ko’radi. Bu degani dindorlikning chegaralari bor. E’tiqod siyosiylashmasligi lozim. Fuqarolar hukumat chizgan chiziqdan chiqmasligi kerak.
Markaziy Osiyoning qay respublikasida bo’lmasin, muslimalarning butkul yopinib yurishiga toqat qilinmaydi. Boshini o’rashi mumkin, lekin bu holda ularga hamma yerda ham eshik ochiq emas, ayniqsa, davlat idoralari va ta’lim dargohlarida. O’zbekiston va Tojikiston singari mamlakatlarda diniy libos bilan bog’liq cheklovlar bir necha yillardan beri mavjud.
Uch davlat - Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston - orasidagi Farg’ona vodiysi azaldan mintaqaning eng dindor hududi hisoblanadi. Qirg’izistonning O’sh va Jalol-Obod viloyatlarida hijobga kirgan xotin-qizlar balki yuzlab mingni tashkil etadi, deydi mutaxassislar. Tojikiston tomonda ham taqvodorlik kuchli. O’zbekistonning Andijon, Namangan va Farg’ona viloyatlarida ro’mol o’ragan xotin-qizlar ko’p va ular turli siyosiy burilishlar oqibatida ham kamaymadi, deya kuzatadi mahalliy faollar.
2005-yilning may oyida Andijon shahrida dindorlar hukumatga qarshi bosh ko’targan edi. Voqea bir necha yuz kishining o’limi bilan tugagan. Davlatning musulmonlar ustidan nazorati nihoyatda keskinlashgan. Namozxon fuqarolar qanchalik nolimasin, bosim ko’p narsani u qadar o’zgartirmagan. Besh mahal namoz, diniy to’ylar va nikoh, nomahramlarni omma ko’zidan yashirish, qizlarni erta erga berish hollari yaqqol misol. Odamlar hukumatdan hayiqadi lekin yuqorida qayd etilgan hollar odat tusini olib bo'lgan.
Bunday manzarani Tojikistonda ham ko’rish mumkin, deydi mamlakatning bir necha qismida izlanishlar olib borgan amerikalik tadqiqotchi Marinta Mayls.
Uning xulosalari boshqa ko’plab mutaxassislarnikidan farqli emas. Ayollar, aksariyat hollarda, o’zlari xohlab boshini o’rayapti. Nima uchun desangiz, ulardan “islomda shunday qilish talab qilinadi” degan javob olasiz.
Ko’rinishiga qarab dindor deb o’ylashingiz mumkin, ammo bu ularning islom haqida chuqur bilimga ega ekanidan dalolat emas, deydi Mayls. Ko’pi din haqida uyda yoki mahalladan saboq olgan. Xotin-qizlarga islomiy ma’lumot berish bobida Markaziy Osiyoning biror mamlakatida aniq tizim mavjud emas.
Tadqiqotchi o’nlab xotin-qizlar bilan muloqotlar olib borgan. Boshini o’ragan ayollar nazarida “dindorlik” ularga nisbatan hurmatni oshirgan. Jamoatchilik endi ularga jiddiyroq munosabatda. Hijob musulmonlik ramzi bo’lsa, unga kirgan ayol, bu xotin-qizlar fikricha, poklik timsoli. O'rangan ayollar islomni boshqalardan yaxshiroq bilaman deb da'vo qilmaydi.
Marinta Mayls oilalarda olib borgan qizg’in suhbatlari haqida hikoya qiladi. Sovet davrida ulg’aygan ota-onalar mustaqillik yillarida voyaga yetgan farzandlarining dindorligidan u qadar mamnun emas, deya kuzatadi mutaxassis. Islom haqida o’rgansin, lekin qizim hijobga kirishi shart emas edi, deb hisoblaydiganlar anchagina. Oliy o’quv yurtlariga kirib, o’zi xohlagan sohani o’rganayotgan, kelajakdan umidvor yosh ayollar boshini o’rashni odat qilayotgani salbiy holat deb qaraladi. Bu qizlarning o’zlari esa buni mustaqillik ramzi, o’z xohish-irodasi, deb biladi.
Marinta Mayls yana bir toifaga urg’u beradi: musulmoncha kiyinish, islomiy modaga mukkasidan ketayotgan avlod. Ularga, odatda, mashhur xonandalar va yulduzlar yetakchilik qilmoqda, deydi u. Masalan, Tojikistonda opa-singil qo’shiqchilar - Shabnami Surayyo va Farzonai Xurshid. Bir paytlar o’zining juda ochiq liboslaridagi, hatto yarimyalang'och ko'rinishlari bilan tanilgan estrada yulduzlari oxirgi paytlarda “dubaycha moda” ni targ’ib qila boshladi. "Olloh" va "iymon" haqida kuylashga o'tdi. Keng omma nazarida ular dindan yiroq, lekin tashqi ko’rinishini “islomiylashtirgan” va bu bilan o’zini iymonli shaxs sifatida ko’rsatishga urinadi. Bu toifani islom dunyosining har burchagidan uchratish mumkin.
Markaziy Osiyo musulmon dunyosining juda boy tarixga ega, murakkab va rang-barang qismi ekan, “zamonaviy musulmonchilik”, “dindorlik”, islom va uning jamiyatdagi ko’rinishini chuqur o’rganish kerak. Bu, avvalo, aholining o’zi uchun muhim, aks holda jamiyat o’zini o’zi anglay olmaydi.