Breaking News

Xalqaro valyuta jamg'armasi: Markaziy Osiyo iqtisodiyoti o'sishda davom etadi


Xalqaro Valyuta jamg'armasi shtab-kvartirasi, Vashington
Xalqaro Valyuta jamg'armasi shtab-kvartirasi, Vashington
Siyosiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot bir-biriga chambarchas bog’liq. Vashingtondagi Jons Xopkins universitetining Markaziy Osiyo va Kavkaz institutida bo’lib o’tgan tadbirda shu mavzuga urg’u berildi. Anjumanda Xalqaro valyuta jamg’armasi va Osiyo Taraqqiyot Banki vakillari ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo iqtisodiyoti, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:11 0:00
Yuklab oling

Jamg’armaning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo’limi direktori o’rinbosari Juxa Kaxkonen mintaqa iqtisodiyotiga oid so’nggi tadqiqot xulosalarini tanishtirar ekan, region davlatlarini neft va gaz eksport qiluvchi hamda neft va gaz sotib oluvchi ikki guruhga bo’ladi. Global moliyaviy inqiroz bu o’lkalarga jiddiy ta’sir qilmadi, deydi u. Mintaqada daromad tabiiy boyliklardan kelmoqda.

“Rivojlangan davlatlarda iqtisodiy o’sish keskin pasaygan bir paytda Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti barqaror va ijobiy rivojlanish yo’lidan bormoqda”, - deydi iqtisodchi.

Inqiroz ta’siri pastligining asosiy sababi bu respublikalarning jahon iqtisodiyoti bilan chuqur bo’glanmaganidir.

Ammo global bozordagi sekinlashuv neft va gaz eksport qiluvchi davlatlarga ta’sir etmay qolmaydi, deydi Xalqaro valyuta jamg’armasi vakili.

“Ozarbayjon, Qozog’iston, Turkmaniston va O’zbekiston kabi chetga yonilg’i sotuvchi davlatlar yaxshi moliyaviy zaxiralarga ega. Ammo ulardagi tabiiy resurslar bir kun kelib tugaydi. Zaxiralar va ulardan ko’rilayotgan daromad kamaymoqda. Xarajatlar esa ba’zan chegaradan oshib ketyapti yoki behuda sarflanmoqda. Ular mavjud resurslardan oqilona va samarali foydalanish siyosatini ishlab chiqmasa, kelajakda iqtisodiy o’sish sekinlashadi”, - deydi tahlilchi.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi ta’biricha, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o’sish bu yil va kelasi yil o’rtacha 5,5 foizni tashkil etadi. Bu jahondagi o’rtacha o’sish darajasidan, hatto Rossiya ko’rsatkichidan ham yuqori.

“Jahon bozorida neft narxining balandligi bois neft va gaz eksport qiluvchi davlatlarning yaxshi daromad qilayotgani ajablanarli emas. Lekin bu sohada ishlab chiqarish sekinlashsa, o’sish ham o’z-o’zidan pasayadi”, - deydi mutaxassis.

Tabiiy resurslarga ega bo’lmagan davlatlarda ham birdek o’sish kuzatilayotganining sababini iqtisodchi quyidagicha izohlaydi:

“Bunday davlatlarga mehnat muhojirlari orqali Rossiyadan katta mablag’ kiradi. Tojikiston dunyoda aholi soni boshiga chetdan eng ko’p pul oladigan mamlakat. Qirg’iziston uchinchi o’rinda. Bundan tashqari, bu davlatlar qimmat xom-ashyo savdosidan ham yaxshi daromad qilyapti”, - deydi iqtisodchi Kaxkonen.

Tojikistonda bu yili yalpi milliy daromadning 47 foizi, Qirg’izistonda esa 29 foizi aynan migrant ishchilar yuborayotgan mablag’ga to’g’ri keladi.

Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotiga xavf solishi mumkin bo’lgan tahdidlarni ekspert uch yo’nalishda ko’radi.

“Birinchidan, bu davlatlar jahon moliyaviy inqirozi ta’siriga to’g’ridan to’g’ri duch kelmasa ham, Rossiya bilan savdo va mehnat bozoridagi aloqalari sustlashishi oqibatida zarar ko’rishi mumkin. Ikkinchidan, neft, gaz va xom-ashyoga bo’lgan talabning qisqarishi, narxlarning pasayishi region taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Uchinchidan, xalqaro investitsiyalar oqimi kamayishi kutilmoqda. Bu ham Markaziy Osiyo davlatlarida rivojlanishni sekinlashtiradigan omil”, - deydi jamg’arma vakili.

Osiyo taraqqiyot banki bosh iqtisodchisi Guanjua Van Xitoy va Markaziy Osiyo o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarga to’xtalib, Pekin mintaqani asosan xom-ashyo manbai sifatida ko’rishini aytadi.

“Xitoy Markaziy Osiyoga eksport hajmini oshiryapti. Ammo bu yerdagi bozor Xitoy tashqi savdosining bir foizini ham tashkil etmaydi. Lekin Markaziy Osiyodan Xitoyga ketayotgan eksport hajmi ancha katta. Bu degani, Xitoy Markaziy Osiyodan xom-ashyo sotib olishga katta e’tibor bermoqda”, - deydi xitoylik mutaxassis.

Yana uning aytishicha, Xitoy keyingi o’n yillikda ham barqaror rivojlanishda davom etadi va bu Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga ham bevosita ta’sir ko’rsatadi.

“Inqiroz kelib ketadigan narsa. Jahon bozori inqirozdan chiqib olgach, hayot yana iziga tushishiga ishonaman. Inqirozdan jiddiy zarar ko’rmagan Xitoy bundan keyin ham yuqori sur’atda rivojlanishda davom etadi. Bunga erishish uchun unda potensial yetarli. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikdan manfaatdor ”, - deydi Osiyo taraqqiyot banki vakili.

Ayni bank Markaziy Osiyo davlatlarida, jumladan, Afg’onistonda iqtisodiy infratuzilmalarni qayta qurishga qaratilgan loyihalar uchun katta miqdorda moliyaviy yordam ajratadi.

Bankning Afg’oniston bo’yicha mas’ul vakili Joji Tokeshi deydiki, Afg’onistonga ko’rsatilayotgan yordam o’z samarasini berishi uchun, nafaqat mablag’ berish kerak, balki bu mablag’dan qanday foydalanishni ham o’rgatish kerak.

“Bank Afg’onistonda yo’llar, transport tizimi, energiya va suv resurslari boshqaruvi kabi muhim infratuzilmalarni qurishda yordam beryapti. Ammo faqat qurilishning o’zi kifoya emas. Ko’rsatilayotgan yordam kutilgan natijani berishi uchun islohot o’tkazish, samarali iqtisodiy siyosat ishlab chiqish jarayonida ham ishtirok etishimiz kerak”, - deydi Tokeshi.

U, shuningdek, Afg’onistonga yordam berayotgan boshqa tashkilot va mamlakatlarni birga ishlashga chaqiradi.

“Har bir tashkilotning o’z maqsadi borligini tushunaman. Lekin hukumatga ta’sir o’tkazish va yordamdan kutilgan samarani olish ucun barcha donorlar birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarish kerak. Afg’onistonda biz yuz tutayotgan eng katta muammolardan biri shu birdamlikning yo’qligi”, - deydi Osiyo taraqqiyot bankining Afg’onistondagi vakili.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG