Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyati (Central Eurasian Studies Society) Nyu-Jersi shtatining Prinston Universitetida yillik yig'inini o'tkazdi. 2000-yillar boshida asos solingan tashkilot har yili kuzda Shimoliy Amerikaning taniqli oliygohlaridan birida anjuman uyushtiradi. Markaziy Yevrosiyo - Kavkazdan Tibetgacha bo’lgan hudud. Markaziy Osiyo uning markazida.
Yuzlab mutaxassislar a'zoligidagi akademik uyushma - siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy mavzularni ilmiy jihatdan muhokama qilish davrasi.
Prinston - dunyodagi eng nufuzli oliygohlardan biri. 1746-yilda ochilgan. 8000 dan oshiq talabaga ega. Ta'lim ko'lami va sifati bilan shuhrat qozongan xususiy universitetga kirish uchun hujjat topshirganlarning atigi 6-7 foizi qabul qilinadi. Bir yillik o'qish barcha xarajatlarni qo'shganda 60 ming dollar atrofida. Grantlar uchun topshirish mumkin. Shu asosda bu yerga kelib o'qiyotgan va malaka oshirayotgan o'zbekistonlik talabalar va mutaxassislar ham bor.