Yevropa fazo agentligining ekzosayyoralarni o’rganuvchi XEOPS kosmik teleskopi Yer orbitasidagi to’rt oylik sinovlardan so’ng uch yillik missiyani boshlamoqda.
“XEOPS yordamida yangi sayyoralarni kashf qilish niyatimiz yo’q. Biz oldin kashf etilgan sayyoralarni o’rganmoqchimiz”, - deydi missiya olimi Deyvid Erenrayx.
Unga ko’ra, missiyadan asosiy maqsad Quyosh tizimidan tashqarida joylashgan 4 ming ekzosayyoralar orasida Yerga o’xshaganlarini topish.
Bu o’rtada o’tgan hafta Xalqaro fazo stansiyasida 200 kundan ortiq vaqt o’tkazgan uch fazogir koronavirus pandemiyasidan o’zgargan dunyoga qaytdi.
“Fazogirlar sog’lom bo’lsa-da, kosmosdagi vaznsizlik sharoitida bo’lgan organizmni eski holatga qaytarish kerak. Ular fazoda mashq qilgan, biroq muvozanati, vestibular tizimi ishdan chiqqan. Ma’lum muddat yura olishmaydi. Parvoz paytida immunitetlari tushgan”, - deydi NASAning Xalqaro fazo stansiyasi bo’yicha dastur boshqaruvchisi Kirk Shirmen.
Shu hafta AQSh Fazo agentligi va Geologiya xizmati hamkorlikda Oy sathining ilk interaktiv geologik xaritasini yaratishga muvaffaq bo’ldi. Xarita 2024-yilda Oyga parvoz paytida qo’l kelishi aytilmoqda.
Facebook Forum