Breaking News

Qirg'izistonda o'z joniga qasd qilayotgan o'smirlar


Qirg'iziston
Qirg'iziston

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’iziston shimolidagi Chu viloyatida o’tgan yili 32 fuqaro o’z joniga qasd qilib o'lgan. Aksariyati o’smir yoshlar. Bunday hollar respublikaning boshqa hududlarida ham bot-bot qayd qilinayotgani ma’lum.

Qirg'izistonda o'z joniga qasd qilayotgan o'smirlar-Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:47 0:00

Nega o’smirlar o’zini o'ldirmoqda? Kim javobgar? Ne qilmoq kerak? “Amerika Ovozi” bolalar va o’smirlar bilan ish olib boruvchi nodavlat tashkilot rahbari, ruhshunos Elmira Umarova bilan suhbatlashdi. Qirg’iziston janubida faoliyat ko’rsatayotgan ushbu uyushma o’tgan yilda bir necha qiz hayotini saqlab qolgan.

“Fojiali ko’rinishda birinchi navbatda ota-onalar aybdor, deb hisoblayman. Ularning farzandlar hayoti, yurish-turishi, tuyg’u-kechinmalari, muammolariga befarqligi, loqaydligi tufayli shunday narsalar yuz berayapti”, - deydi Elmira opa.

Yoshlar bilan ishlovchi tashkilot har kun bo’lmasa, kunora ota-ona mehri yoki diqqat-e’tiboridan mosuvo taqdirlar bilan to’qnashadi. Kimdir tirikchilik g’amida olis xorijga yo’l olar ekan, farzandlarini beparvo odamlarga tashlab qo’yadi. Kimdir “ish bilan bo’lib”, jigarbandlar uchun vaqt va iliq so’z topolmaydi…

Elmira Umarova va uning hamkasblari achchiq qismatdan xalos qila olgan qizlardan biri o’z otasi tirik bo’la turib, o’zga shaharlik tog’a qo’lida, haq-huquqsiz xizmatkor ahvolida qolgan.

“O’lsam ular ham qutuladi, men ham”, - degan o’yda bo’yniga sirtmoq solmoqchi bo’lgan.

“Atrof-muhit ham, masalan, ko’cha va maktabdagi tengdoshlari zo’ravonligi, asossiz ayblov-talablar, kattalarning bag’ritoshligi, bola qalbini tushunmasligi o’smirni stress holatiga, tushkunlikka tushiradi. U vaziyatdan chiqa olmay qiynaladi, oldinda yorug’lik ko’rmaydi - kelajagini ko’rmaydi. Oxir-oqibat hayotdan umidi so’na boshlaydi. Bu yoshda hali ko’p o’g’il-qizlar o’z oldiga qat’iy maqsad qo’yish va maqsadga intilib yashashni bilmaydi. Vaholanki, maqsad insonga kuch va iroda bag’ishlaydi”, - deydi Elmira Umarova.

Suhbatdosh so'zlariga ko’ra, o’smirlarda hayotdan, uni o’rganishdan zavqlanish, o’ziga ishonch, iroda kabi sifatlarni shakllantirish uchun ularni foydali mashg’ulotlar bilan band qilmoq lozim.

“Bolani xor ahvolga solgan, baxtli bolalikni ta’minlab bermagan ota-onalarni jazoga tortish kerak”, - deydi ruhshunos.

Uningcha, maktablarda faoliyat ko’rsatayotgan ijtimoiy xizmat xodimlarining kasbiy mahorati va mas’uliyati alohida diqqatga molik. Amalda ko’p hollarda sotsial pedagog lavozimiga tegishli malakaga ega bo’lmagan boshqa fanlar muallimlari jalb qilinar ekan.

Mutaxassislar deydiki, qiyin ahvolda qolgan yoki turli muammolarga uchrayotgan bolalar va o’smirlar bilan ishlovchi tashkilotlar farzandlarni o’z quchog’iga torta bilishi joiz.

Nafaqat ota-ona, balki maktab, jamoyat ham o’sayotgan avlod tarbiyasi, ruhiyati uchun mas’ul.

“Bolaga nisbatan “sening aybing”, degan ta’nani yo’q qilish kerak. Yuvenal adliya ko’zda tutayotganday, lozim bo’lsa, majburan o’qitish, hunar o’rgatish, majburan tarbiyalash lozim. Kelajagimizni o’z holiga tashlab q’oymaylik”, - deydi Elmira Umarova.

U farzandlarni yaxshilikni o’ylab, yaxshlikka ishonib va unga intilib yashashga chaqiradi.

Yaxshilikka chorlash va o’rgatish esa birinchi navbatda kattalarning burchi ekani oydek ayon, deydi u.

XS
SM
MD
LG