AQSh-Xitoy munosabatlari 2010-yilda ko'p sinovlardan o'tdi, ko'p voqealar sodir bo'ldi. Kuzatuvchilarga ko'ra, jahonda iqtisodi kuchli ikki yirik davlat munosabatlari taranglashib bormoqda. Kelasi yil bu hol davom etishi aytilmoqda.
2010-yil ikki mamlakat munosabatlari uchun salbiy ruhda boshlandi. Qo'shma Shtatlar Xitoy o'z hududi deb bilgan Tayvan oroli bilan qurol savdosi bo'yicha bitim imzolagach, rasmiy Pekin AQSh bilan harbiy aloqalarni uzdi. Bundan tashqari Amerikaning yirik internet qidiruv kompaniyasi - Google Xitoy xakerlari xurujiga uchraganini ma'lum qilgach, bu mamlakatga tanqid toshlari yog'ildi. Bu esa Pekinga yoqmadi.
Fevral oyida prezident Barak Obama Xitoy e'tiroziga qaramay Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama bilan uchrashdi. Xitoy uni bo'lginchilikda ayblaydi. Shundan so'ng Xitoy prezidenti aprel oyida Obama tomonidan uyushtirilgan Yadro xavfsizligiga doir anjumanga bormaydi, degan xavotir paydo bo'ldi. Biroq Xyu Sintao sammitni qoldirmadi.
Ikki tomonlama munosabatlar murakkab bo'lgani bilan, bir-biriga chambarchas bog'liq. Vashingtondagi Brukingz Instituti tahlilchisi Chen Li ularni g'ayritabiiy deb ataydi.
"G'ayritabiiyligi shundaki, munosabatlarda umid ham, qo'rquv ham bor; ham rivojlanish, ham muammo bor. Ishonch boru, tomonlar baribir hayiqadi", - deydi mutaxassis.
Muqobil energiya manbalari borasida davlatlar til topishgan bo'lsa-da, Xitoy valyutasi va savdoga doir boshqa masalalarda chiqisha olmayapti.
Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi mutaxassisi Bonni Gleyzerning aytishicha, AQSh va Xitoy uchun hamkorlikni yo'lga qo'yish oson bo'lmagan. 2010-yil salbiy voqealarga boy davr bo'ldi, deydi u.
"Tomonlar yil davomida munosabatlarni bir maromda, ijobiy ruhda ushlab turolmadi. Xyu Sintaoning yanvarga belgilangan AQSh safari qanday o'tishi munozaralarga sabab bo'lmoqda. Munosabatlarda muammolar nimalardan iborat va qaysi sohalarda hamkorlik qilish mumkinligi tahlil qilinmoqda", - deydi u.
Gleyzerning aytishicha, Koreya yarimorolidagi tang ahvol, Shimoliy Koreya bilan til topisha olmaslik va uning provokatsion harakatlari AQSh-Xitoy hamkorligining yetishmasligidandir.
"Mart oyida Janubiy Koreyaga qarashli kema cho'kib, Xitoy Shimoliy Koreyani so'roqqa tutmagani, uni provokator sifatida qoralamagani, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasida Shimoliy Koreya tilga olinishiga qarshi chiqqani AQSh-Xitoy munosabatlaridagi salbiy jihatlar", - deydi tahlilchi.
Xitoyning Janubiy Xitoy dengizini o'ziniki deb turib olishi ham yana bir muammoli masala. Qo'shma Shtatlar Xitoy va Janubi-sharqiy Osiyodagi boshqa mamlakatlar o'rtasida vositachi bo'lishni taklif etdi, biroq Pekin taklifni rad etdi.
Bir oy o'tgach, Xitoy dengiz tubiga suvosti kemasini safarbar etib, o'z bayrog'ini qadadi.
Tahlilchi Bonni Gleyzerning aytishicha, Xitoy harbiy qudrati oshar ekan, mintaqada kim xo'jayin ekanini ko'rsatishga, dengizga da'vo qilayotgan mamlakatlarga o'z o'rnini ko'rsatishga harakat qilmoqda.
"Xitoy qo'shni davlatlarga o'z salohiyatini ko'z-ko'z qilib, "menga bas kela olmaysizlar, biz bilan gaplashayotganda, shuni albatta hisobga olinglar" deb bildirib qo'ymoqchi".
Global moliyaviy krizis ta'siriga deyarli uchramagan Xitoy jahonda turli masalalar bo'yicha da'volarini bildirib, boshqa davlatlarni xavotirga solmoqda.
Brukingz Instituti tahlilchisi Chen Li nazarida AQSh va Xitoy xavfli yo'ldan ketmoqda.
"Agar Xitoy tahdidini haqiqiy deb o'ylasangiz, u haqiqiy bo'lib chiqadi. Shu bilan birga AQSh siyosati Xitoyga qarshi qaratilgan deb o'ylasangiz, vaqti kelib, shunday siyosatga ega bo'lamiz ham. Hamma xavf shunda va bu tahdid 2010-yilda yanada kuchaydi. O'ylashimcha, jahon hamjamiyati Xitoyning qudratli davlatga aylanib borayotganini tan olishi kerak, chunki G'arbning Xitoyga o'git qiladigan vaqti yakuniga yetmoqda", - deydi Chen Li.
Tahlilchilar nazarida Xitoyning jahonda ta'siri kuchayar ekan, xalqaro sahnadagi o'yinchi sifatida mas'uliyati ham oshadi.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining Osiyo bo'yicha bo'limi rahbari Sofi Richardson shunday fikrda.
"Xitoyda infratuzilma, iqtisodiyot, ba'zi bir ma'noda ijtimoiy erkinlikning rivojlangani ijobiy va bu davlat hukumatiga bog'liq holdir. Ammo fuqarolik va siyosiy erkinliklar yo'lida olg'a siljishni ko'rganimiz yo'q. Bu narsalar ham Pekin ixtiyorida".
Tahlilchilar deydiki, Xitoy iqtisodiy va siyosiy qudrati oshib borishi bilan unga bo'lgan talab ham mamlakatda, ham xorijda ortmoqda. Bu talab va andozalarga mos siyosat yuritish yolg'iz Xitoyning qo'lida.
Kuzatuvchilarga ko'ra, jahonda iqtisodi kuchli ikki yirik davlat munosabatlari taranglashib bormoqda.