Xitoy tuzgan Osiyo infratuzilma sarmoyasi bankiga 40 dan ortiq mamlakat a'zo bo'ldi. Yaqinda Rossiya ham asoschi davlatlar qatoriga qo'shilishini ma'lum qildi. Hatto Xitoyning siyosiy raqibi Tayvan qiziqish bildirgan.
Tayvan bankka qo'shilishga berilgan muhlat tugashiga bir kun qolganda shunday qarorga keldi. Biroq Pekin uning arizasini qabul qiladimi, yo'qmi, hozircha ma'lum emas.
"Bu Tayvan milliy manfaatlariga javob beradi", - deydi orol Bosh vaziri Mao Chi Kuo.
Tayvan BMT, Jahon banki yoki Osiyo taraqqiyot bankiga a'zo emas, Xitoy bilan diplomatik aloqalar yo'q. Ma Inzyu 2008-yilda prezidentlikka saylanganidan beri ikki tomonlama aloqalar yaxshilangan.
Osiyo infratuzilma sarmoyasi bankiga a'zo bo'lish uchun davlat maqomiga ega bo'lish lozim. Xitoy Tayvanni o'z hududining bir qismi deb biladi.
Pekindagi Renmin universitetida siyosatshunos Shi Yinxonning aytishicha, Xitoy Tayvan arizasiga qanday munosabat bildirishi ma'lum emas. Pekin uchun qaror berish oson bo'lmaydi, deydi u.
“Agar Tayvan qabul qilinsa, Xitoy unga nisbatan niyati xolis ekanini namoyish etadi. Ammo rad etsa, Tayvan aholisining ishonchini yo'qotishi mumkin”, - deydi Shi.
Bankka a'zolik Osiyoda infratuzilma taraqqiyotiga sarmoya jalb etishga imkon yaratadi. Osiyo taraqqiyot bankiga ko'ra, qit'ada yo'llar, bandargohlar, elektrostansiyalar ta'miri hamda infratuzilma bilan bog'liq boshqa loyihalar uchun har yili 800 milliard dollar kerak.
Xitoy davlat matbuotiga ko'ra, ayni damda yangi bank asoschilari safiga Afrika, Yevropa, Janubiy Amerika, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan davlatlar qo'shildi. AQSh va Yaponiya hozircha jarayonni chetdan kuzatmoqda. Tokio va Vashington bank qanday boshqarilishini, atrof-muhit va ijtimoiy muhofaza uchun nima qilmoqchi ekanini avval bilmoqchi.
Xitoylik siyosatshunos Shining aytishicha, yangi bankka qiziqishning kattaligi Pekinni hayratga soldi va uning diplomatik obro'sini ko'tarib yubordi. Buning ham foydasi, ham noqulayligi bor, deydi ekspert.
“Yevropa mamlakatlari, Janubiy Koreya va Avstraliyaning a'zoligi Xitoyning bankdagi yetakchi pozitsiyasini zaiflashtirishi aniq", - deydi Shi.
Rossiya ham Xitoy ta'sirini tushirish uchun a'zo bo'layotgan bo'lishi mumkin, chunki Moskva Pekinning Markaziy Osiyoga qaratilgan Ipak yo'li tashabbusi va boshqa loyihalariga shubha bilan qaraydi, deydi Shi.
Unga ko'ra, Rossiyaning bankka qo'shilishi bu xavotirlarni yumshatishi mumkin. Bundan tashqari, deydi mutaxassis, Ukrainaga doir siyosati tufayli G'arb sanksiyalariga uchragan hamda neft arzonlashganidan iqtisodiy zarar ko'rayotgan Moskva uchun Osiyoda sarmoya va biznes imkoniyatlarini oshirish o'ta muhim.