Breaking News

Xitoyning yangi Ipak yo'li loyihasi G'arbga ma'qul emasmi?


Pekin ko'chalarida.
Pekin ko'chalarida.

Jahonning 28 davlati rahbarlari Xitoyda kelasi oy rejalangan yangi Ipak yo'li anjumaniga bormoqchi. Osiyo, Afrika va Yevropani ulaydigan, temiryo'l, port va energiya ta'minoti tarmoqlarini o'z ichiga olgan tashabbus bu, deya ta'riflaydi Xitoy tomoni.

Yig'inga Markaziy Osiyo yetakchilari ham taklif qilingan. Biroq Katta Yigirmalik davlatlaridan faqat oltitasi "Bir ko'prik, bir yo'l" nomli tashabbus ochilishida qatnashmoqchi. G'arbdan hukumat vakilini yuboradigan yagona mamlakat Italiya.

Oliy mansabli mehmonlar ro'yxatida Rossiya rahbari Vladimir Putin, Italiya Bosh vaziri Paolo Jentiloni, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari Kristian Lagardni ko'rish mumkin.

G'arb Xitoyning maqsadlaridan shubha qilayotgani uchun loyihaga qiziqish bildirmayapti, degan taxminlar yangramoqda.

"Iqtisodiy tashabbus bu, iqtisodiy hamkorlikni nazarda tutadi. Uning siyosatga aloqasi yo'q", - deya javob qiladi bu taxminlarga Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi.

"Bir ko'prik, bir yo'l" forumi o'tadigan kunlarda, 14-15-mayda Fransiya va Germaniyada yirik saylovlar rejalangan. Bu ikki mamlakat rasmiy yubormoqchi.

"Iqtisodiy sheriklik forumi, xalqaro hamkorlik uchun bir imkoniyatdir. Unga barcha qiziqish bildirmoqda va qatnashaman demoqda", - deydi vazir. Rasmiyning aytishicha, 110 davlatdan, jumladan, Ipak yo'liga bevosita chegaradosh bo'lmagan mamlakatlardan vakil ishtirok etadi.

Tashabbus tarafdorlarini oshirish uchun Xitoy 56 davlat bilan bitimlar imzoladi. Uning ijrosi bilan mashg'ur Ipak yo'li jam'armasi uchun Pekin 40 milliard dollar moliya ajratdi.

"Bir ko'prik, bir yo'l" loyihasining sarhadlari nihoyatda keng. Tobora kengayib borar ekan, unga aniqlik kiritish lozim", - deydi Jonatan Xillman, Vashingtonda asoslangan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi. "Misol uchun, yil boshida infratuzilmaga doir e'lon qilingan ayrim tashabbuslar keyinroq mana shu loyihaga kiritildi", - deydi u.

Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey Breksitdan keyingi pallada qirollikning Xitoy bilan biznes va diplomatik aloqalarini mustahkamlashini aytib kelayotgan, u forumda qatnashishi kutilgan edi. Biroq Mey o'rniga Britaniya kansleri Filip Hammondni yuboradigan bo'ldi.

Pekin bu taklifni infratuzilmasi eskirib borayotgan rivojlanayotgan davlatlar, iqtisodiyoti sustlashgan rivojlangan davlatlar uchun noyob imkoniyat deya ta'riflaydi.

Prezident va bosh vazirlari boradigan mamlakatlar Xitoydan moliyaviy madad oladi yoki olishi kutilmoqda. Gretsiya, Belarus, Pokiston, Filippin, Shri-Lanka, Kamboja va Efiopiya bularga misol. Rossiyadan forumga Prezident Putin bormoqchi. Biznes kelishuvlar, jumladan, 30 yillik gaz bitimi bois Rossiya Xitoyga qattiq suyanib qolgan.

Pekin, shuningdek, Janubiy Xitoy dengizi ustidagi tortishuvga jalb qilingan Vyetnam, Indoneziya, Malayziya va Filippinni o'z rahbarlarini yuborishga ko'ndirishni uddalagan. ASEANning 10 a'zosidan yettitasi hukumat odamini yuboradigan bo'ldi.

Pekin uchun "Bir ko'prik, bir yo'l" dasturi siyosiy ta'sir doirasini oshirish, o'zining biznes salohiyatini oshirishni ko'zlaydi, deydi ekspertlar. Xitoy o'lkalarni rivojlangan yoki rivojlangan deb ajratib o'tirmadi, balki barini xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a'zosi deya ko'radi; "Bir ko'prik, bir yo'l"ning maqsadlaridan biri ham kambag'al va boy davlatlarda teng o'sishni targ'ib qilish, deydi vazir Vang.

Bu orada, Xitoyning ayrim qo'shnilari, jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Singapur hali rahbarini yuborish-yubormasligi aniq emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG