Breaking News

Xitoy va Britaniya Gonkong xususida tortishmoqda


Britaniya Gonkongda hukumat qaroriga qarshi namoyish qilayotgan odamlarni qo’llab-quvvatlaganidan so’ng Xitoy Londonni mamlakat ichki ishlariga aralashayotganlikda aybladi.

Pekin Gonkongni Xitoyga topshirish haqida Britaniya bilan imzolagan bitimni buzib, uning maxsus hudud haqidagi maqomini o’zgartirishga qo’l ursa, London Xitoyga qarshi jiddiy chora ko’radi, deyiladi bu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Bir paytlar Britaniya mustamlakasi bo’lgan Gonkong 22 yil oldin Xitoy boshqaruviga o’tgan. Hudud aholisi jinoyatda gumon qilinganlarni Xitoy sudlariga topshirishni ko’zda tutgan qonun loyihasiga qarshi chiqib, bir necha haftadan beri hukumat qaroriga qarshi namoyish qilmoqda.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeremi Xantning aytishicha, bunday harakat Gonkongni Xitoyga topshirish haqidagi bitimga ziddir.

“Birlashgan Qirollik 1984-yilda barcha tomonlarni ijroga majburlovchi xalqaro bitimga qo’l qo’ygan. Hujjat “bir mamlakat, ikki boshqaruv tizimi”ni nazarda tutadi, Gonkong aholisini asosiy erkinliklar bilan ta’minlaydi. Biz bu shartnomani, Gonkong xalqini qo’llab-quvvatlaymiz. Agar bu bitim buzilsa, oqibatlari yomon bo’ladi”, - dedi u.

Pekin bunga shunday javob berdi:

“Birlashgan Qirollik har qadamda Gonkong himoyachisi sifatida gavdalanishga harakat qilib, o’zini aldamoqda. Janob Xantdan Britaniya mustamlakasi paytida Gonkongda demokratiya bo’lganmi deb so’ramoqchiman. Gonkongliklar hatto namoyish qilish huquqiga ham ega bo’lmagan”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jen Shuan.

Britaniyalik tahlilchi Stiv Tsangning aytishicha, hozirgi vaziyatda gap Britaniyaning Gonkong oldidagi majburiyatlari emas, balki Xitoyning xalqaro bitimlarga munosabati haqida ketmoqda.

Britaniyaning 1990-yillarda Gonkongni boshqargan gubernatori Kris Patten Londonni bo’shashmaslikka chaqirmoqda.

“Bo’layotgan voqealarga ko’z yumib turmasligimiz kerak, chunki Gonkong fuqarolari oldida qarzdormiz”, - dedi u.

Biroq Yevropa Ittifoqidan chiqayotgan Britaniyaning imkoniyatlari cheklangan, deydi professor Tsang.

“Xitoy qudratga to’layotgan davlat, qudrati bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinda. Britaniya mavhum kelajakka qarab ketmoqda. Xitoy bilan tortishuvlarda pozitsiyamiz kuchli emas”, - deydi London universiteti olimi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG