Breaking News

Xitoy oliy jazo ijrosi bo'yicha dunyoda peshqadam


Xitoy o’lim jazosini ijroga keltirish bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turadi. Har yili minglab odam qatl etiladi. Biroq so’nggi kuzatuvlar shuni ko’rsatmoqdaki, hukumat oliy jazoga loyiq jinoyatlar sonini kamaytirmoqda.

Joriy yil boshida Xitoy to’qqiz jinoyatdan o’lim jazosi olib tashlanishi haqida e’lon qilgan edi. Pulni qalbakilashtirish, tovlamachilik yo’li bilan pul to’plash, fohishabozlikka majburlash shular jumlasidan.

O’tgan hafta Xitoy sudi jinsiy zo’rlik va qotillik uchun 18 yil oldin o’limga mahkum etilgan mahbusni oqladi. Iyun oyida esa Oliy xalq sudi turmush o’rtog’ini o’ldirgani uchun o’limga mahkum etilgan ayol uchun jazo chorasini yumshatdi. Ayolning aytishicha, eri uni yillar davomida xo’rlab kelgan.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti xodimi Nikolas Bekvelinning aytishicha, Xitoy inson huquqlariga kelganda ashaddiy buzg’unchi bo’lishni istamadi.

"Albatta, Kommunistik partiyaga ma’qul bo’lmasa, inson huquqlarini qo’llab-quvvatlashga, hurmat qilishga tayyor emas. Biroq Xitoy inson huquqlari normalarining muhimligini tan oladi va xalqaro hamjamiyat ichida obro’sining to’kilishini istamaydi", - deydi Bekvelin.​

2011-yilda Xitoy o’lim jazosiga loyiq jinoyatlarni 13 taga qisqartirdi. Natijada kamroq mahkumlar qatl etildi. O’tgan yili Xitoyda 2400 odam oliy jazoga tortilgan, deyiladi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Dui Xua” guruhi hisobotida. Bu dunyodagi eng yuqori ko’rsatkich bo’lgani bilan 2002-yilgi raqamning 20 foizini tashkil etadi, xolos. O’shanda Xitoyda 12 ming odam qatl etilgan.​

Xitoyliklarning aksariyati o’lim jazosini qo’llab-quvvatlaydi. Biroq ayrim hollarda bu noroziliklarga ham sabab bo’lmoqda. Xitoy matbuoti yaqinda xato sudlanib, oliy jazoga tortilganlar haqida maqola chop etdi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Xitoyda qatllar soni keskin kamaygani bilan adliya tizimi hali ham shaffof emas, oliy jazo ko’lami haqida haqiqatni, asl raqamlarni bilib bo’lmaydi. So’nggi paytda Shinjonda mahkumlar tez-tez qatl etilmoqda.​

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotidan Uilyam Nining aytishicha, ayniqsa o’tgan yili viloyatda o’lim hukmlari ko’p chiqarilgan.

"Demak, qayerdadir ahvol yaxshilangan, qayerdadir esa yomonlashgan", - deydi ekspert.

Qatl etish bo’yicha Eron va Iroq Xitoydan keyingi o’rinlarda turadi. 2013-yilda Eronda 369 ta, Iroqda esa 169 ta mahkum oliy jazoga tortilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG