Breaking News

Xitoy Daish tahdidini jiddiy qabul qilmoqda


Shinjonda xitoylik harbiylar
Shinjonda xitoylik harbiylar

“Islomiy davlat” jangari guruhi Xitoyda ham xurujlar uyushtirishi haqida do’q-po’pisalar qilmoqda. Pekin Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada faollashar ekan, fuqarolarining terrorchilar nishoniga aylanish ehtimoli o’smoqda.

“Islomiy davlat” to’dasi saflarida jang qilayotgan va Sharqiy Turkistondan chiqqan uyg’urlar maxsus videoda yurtiga qaytib Xitoyni qonga belashini aytadi.

Tahlilchilarga ko’ra, Iroq va Suriyada katta talafot ko’rayotgan jangarilar ana shunday tashviqiy videolar orqali tarafdorlari ruhini ko’tarishga urinmoqda.

“Bunday videolar yordamida guruh hali ham kuchli ekanini ko’rsatmoqchi”, - deydi Londondagi Qirollik Birlashgan xizmatlar institutidan Rafaello Pantuchchi.
Uyg’ur jangarilari Xitoyni Shinjonda birodarlariga qarshi tazyiqlarda ayblamoqda. Guruh xuruj uyushtirsa ham davlat nazoratidagi matbuot bu haqda xabar bermasligi mumkin.

“Mintaqada kamida ikki xuruj va ba’zi noxush voqealar ro’y bergan. Shinjonda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Demak, Xitoy terrorizm va ekstremizmni jiddiy qabul qilmoqda va “Islomiy davlat” shu xavotirning bir qismi”, - deydi tahlilchi.

“Islomiy davlat” ko’plab mamlakatlar uchun umumiy dushman bo’lishiga qaramay, unga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiya Pekin bilan deyarli hamkorlik qilayotgani yo’q, deydi parijlik ekspert Matyu Dukatel.

“Xitoy G’arb davlatlarining Shinjondagi siyosatini qo’llab-quvvatlashini istaydi va bunday bo’lmayotganidan norozi. Biroq Yevropa Xitoyning bu siyosatini shaffof deb bilmaydi”, - deydi Dukatel.

Oy boshida Xitoy Prezidenti Si Zinpin ozchilikdagi guruhlar yetakchilarini Pekinda qabul qildi. Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Xitoy uyg’urlarni kamsitib kelmoqda, Pekin esa bunga javoban G’arbni ikkiyuzlamachilikda ayblaydi.

Hukumat aksil-terror amaliyotlarda qatnashish uchun qurolli kuchlarni xorijga safarbar etishga ruxsat beruvchi qonun qabul qildi, biroq G’arb yoki Rossiya harbiylari bilan hamkorlikda “Islomiy davlat”ga qarshi jang qilish rejasi yo’q hozircha.

“Xitoy ortiqcha e’tiborni o’ziga qaratib, nishonga aylanishni istamay kelgan”, - deydi Yevropa Tashqi aloqalar kengashi xodimi.

Biroq, deydi Dukatel, bu siyosat o’zgarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG