Xitoy, Qirg’iziston va O’zbekistonni ulovchi temir yo’l borasida Bishkek tashabbusini Pekin qo’llab-quvvatlab keladi. Qirg’iziston rahbari Almazbek Atambayev shu hafta Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida masalaga alohida to’xtaldi.
Temir yo’l Qirg’izistonning tranzit markazi sifatidagi maqomini mustahkamlaydi, xalqaro bozorga chuqurroq kirish imkonini beradi, deydi Atambayev.
15 yildan buyon muhokama qilinayotgan, Qashg’ar, Qorasuv, Andijondan o’tishi rejalangan bu proyektdan tomonlar nima foyda ko’radi? Uning ijrosi nega cho’zilmoqda? Kim qarshi-yu kim rozi? Kim pul ajratadi?
Atambayevning aytishicha, Pekindagi uchrashuvlar paytida rasmiy Bishkek, Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li loyihasi borasida yana bir jiddiy siljishga erishilgan. Pekin loyihani qo’shma korxona yordamida amalga oshrish shartiga ijobiy munosabat bildirgan.
Xo’sh, ushbu temir yo’l Qirg’iziston uchun va loyihaning boshqa qatnashchilari uchun qanday naf keltiradi?
Qirg’izistonlik taniqli arbob Odiljon Obidovning aytishicha, u barpo etilsa, Qirg’iziston berklikdan chiqadi.
“Bu yo’l birinchidan sharq va g’arbni bog’laydi. Keyinchalik Qirg’iziston ushbu temir yo’li orqali o’tayotgan yuklardan turli haqlar-to’lovlar oladi. Bu mablag’ Qirg’iziston xazinasiga tushadi. Ushbu yo’l asosan tog’li viloyatlardan o’tadi. O’sha joydagi aholi ish bilan ta’minlanadi”, - deydi u.
O’shlik tahlilchi, qalamkash Ahmadjon Mahamajonovga ko’ra, Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’lining qurilishi ko’p jihatdan tarixiy zaruriyat.
“Ana shu go’ya bir paytlar Buyuk Ipak Yo’lini jonlantirish rejasidan kelib chiqqan. Qirg’iziston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari o’sha temir yo’li vositasida katta dengizlarga chiqish imkoniyatiga ega bo’ladi. Albatta, qayerdan temir yo’l o’tadigan bo’lsa, o’sha yerda yangi infratizimlar paydo bo’ladi, yangi ish o’rinlari yuzaga keladi, yangi xizmat nuqtalari paydo bo’ladi”, - deydi Ahmadjon Mahamajonov.
Suhbatdosh fikricha, o’sib kelayotgan Xitoy iqtisodiyotida har qancha resurslarga, har qancha yangi iqtisodiy aloqalarga ehtiyoj katta.
Aytish joizki, Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li g’oyasi 15 yildan buyon muhokama qilinmoqda. Avval yo’lning Qirg’iziston janubidan o’tuvchi yo’nalishi haqida gap borgan. Ushbu variant, ayniqsa, rasmiy Toshkentga ma’qul bo’lgan.
Ammo rasmiy Bishkek shimol orqali o’tuvchi yo’nalishni afzal ko’rayotir. Hisob-kitoblarga ko’ra, qurilishga 2 milliard dollardan ziyod pul kerak bo’ladi.
Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, tomonlar loyihaning qator nozik jihatlari yuzasidan bir qarorga kelib olishlari darkor.
“Temir yo’l qurilishida mutaxassislar kim, qaysi tomondan bo’ladi? Muhandislar, texnik ishchilar qaysi o’lkadan keladi? O’sha masalalarda biz yutqazib qo’ymasligimiz kerak”, - deydi taniqli arbob Odiljon Obidov.<!--IMAGE-RIGHT-->Qirg’iz matbuotida bot-bot zikr qilingan loyiha borasida qizg’in bahs davom etmoqda. Ayrim mutaxassislar loyiha ko’proq qo’shni Xitoy manfaatlariga javob beradi, deya tashvish bildirmoqda. Ushbu xavotirlar naqadar o’rinli?
O’shlik tahlilchi Ahmadjon Mahamajonov nazarida, zikr qilingan temir yo’l birinchi navbatda Markaziy Osiyo respublikalariga kerak. Ayni paytda ayrim masalalar yuzasidan ular asosiy sarmoyador bo’lmish Xitoy tomoniga o’z nuqtai nazarlarini qo’yishi lozim.
Jamoat arbobi Odiljon Obidov ushbu loyihaning asosiy manfaatdori Xitoy, deb hisoblaydi.
“Manfaat bo’lmaganda Xitoy bunday katta mablag’larni sarflamagan bo’lardi. Xitoyga bog’lanib qolish ehtimoli borasida xavotirga kelsak, hozirgi globalizatsiya zamonida ko’plab o’lkalar bir-biriga bog’liq”, - deydi suhbatdosh.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, O’zbekiston anchadan beri dengizlarga, ular orqali dunyo bozoriga chiqish borasida bosh qotirib keladi. Ammo bu rejalar hozircha besamar qolayotir. Bu o’rinda Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’lining istiqboli qanday?
“Imkoniyat paydo bol’ganda, undan foydalanib qolish kerak”, - deydi Obidov.
Ahmadjon Mahamajonov fikricha, avvalgi rejalar (Eron, Afg’oniston-Pokiston orqali o’tuvchi yo’nalishlar) amalga oshmaganining asosiy sababi siyosatga borib taqaladi.
“Zikr qilingan loyiha qatnashchilari esa bir xalqaro tashkilot – Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zolari. Bu hol ko’p masalalarda tezroq kelishib olishga imkon beradi”, - deydi u.
Ne bo’lsa-da, ko’pdan buyon muhokama qilinayotgan loyiha borasida yana bir qadam qo’yildi, deydi mahalliy kuzatuvchilar.