Bu qurol dengizdagi harbiy kemalarni nishonga olishi mumkin, deydi AQSh admirali Robert Villard. Bu xabar Osiyoda qurol-yarog’ muvozanatini o’zgartirishi aniq.
AQSh admirali, Tinch okeani regioni bo’yicha mas’ul Robert Villard Yaponiyaning Asaxi Shimbun gazetasiga intervyu bergan. Xitoy yaqinda harbiy salohiyati oshgani, hatto AQShga tenglashib borayotgani haqida e’lon qilgan edi. Admiralning aytishicha, Xitoyning harbiy qudrati haqiqatan yil-sayin oshib bormoqda.
Tahlilchi Endryu Erikson nazarida AQSh harbiylari buni tan olgani e’tiborga molik. Xitoy bu sohada Qo’shma Shtatlarga yetib olmoqda.
Xitoyning Dongfeng 12 D rusumli ballistik raketasi sun’iy yo’ldosh va qiruvchi samolyotlar bilan birga qo’llanadi hamda dengizda uzoq masofadagi obyektlarni yo’q qilishga qodir
Xitoy shuningdek, raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi, harbiy flot, suvosti kemalarini tobora takomillashtirib bormoqda. Mintaqa davlatlari bundan vahimada.
Vashingtondagi Xeritej jamg’armasi olimi Din Cheng deydiki, Xitoy Qo’shma Shtatlarni ogohlantirmoqda.
“Ballistik raketalari, harbiy kema va samolyotlarini ko’z-ko’z qilgan Pekin AQShni regiondan haydayapti hisob”, - deydi olim.
Qo’shnilar, jumladan, Yaponiya xavotirini yashirmayapti va mudofaa choralari ko’ra boshlagan.
Tahlilchi Endryu Erikson Janubiy Koreya va Tayvan ham himoya izlashga tushsa, ajabmas, deydi. Pekinning harbiy poygasi va agressiv hatti-harakati Vashingtonga ham ta’sir qilmoqda. Dunyoning eng yirik, qudratli davlatlari Xitoy-AQSh aloqalari ziyon ko’rishi mumkin, deydi olim.
O’z navbatida rasmiy Pekin nazarida regionda AQSh ta’siri oshib bormoqda. Xitoy matbuoti tahlilicha, Vashingtonning mintaqa ishlariga aralashuvi vaziyatni taranglashiradi, xolos.