Gaagada joylashgan xalqaro tribunal Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar bo'yicha Xitoy va Filippin o'rtasidagi nizoni ko'rib chiqib, Filippin foydasiga hukm chiqardi. Bu esa ikki davlat orasidagi kelishmovchilikni yanada kuchaytirishi mumkin
AQSh xalqaro sud hukmiga rioya qilish majburiy ekanini eslatib, tomonlarni provokativ harakat va bayonotlardan tiyilishga chaqirdi.
Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, bu qaror Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar yuzasidan davom etayotgan kelishmovchiliklarga yakun yasash uchun asos bo'lib xizmat qilishi mumkin.
Xitoyning tarixiy da'vosi asossiz deb topildi
Xalqaro hakamlik sudi 12-iyul kuni chiqargan qarorga ko'ra, Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi ulkan hududlarga egalikni da'vo qilishi tarixiy asoslarga ega emas.
Hukm BMTning Dengiz huquqi bo'yicha konvensiyasi asosida chiqarilgan. Xitoy bu konvensiyani 1996-yilda ratifikatsiya qilgan.
Xitoy mahkama qarorini tan olmoqchi emas. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Van I uni "siyosiy maynavozchilik" deb atab, konvensiya bunday nizolarni hal qilish yurisdiksiyasiga ega emasligini ta'kidladi.
Pekin endi nima qiladi?
Xalqaro inqiroz guruhining Osiyo bo'yicha direktori Ti Jonsonga ko'ra, Xitoy o'z obro'sini saqlab qolish uchun qarorga rioya qilishi kerak.
Pekin tarixiy huquq asosidagi da'volarini sekin-asta chetga surib, qarashlarini konvensiya tamoyillariga yaqinlashtirish imkoniyatiga ega, deydi u.
Davlat departamenti rasmiylari shu qaror asosida dengizdagi hududlarni talashayotgan boshqa davlatlar ham mojaroni tinch hal qilish sari qadam tashlashidan umidvor.
Lekin Pekinning hukm bo'yicha bildirgan ilk bayonotiga qaralsa, Xitoy o'z qarashlarida oyoq tirab turib oladiganga o'xshaydi.