Xitoy rasmiy matbuoti so’nggi paytlarda Ga’rb qadriyatlariga asoslangan konstitutsiya va siyosiy tizimning mamlakatga keltiradigan xavflari haqida ogohlantirmoqda. Tahlilchilar fikricha, bu omma orasida Kommunistik partiya jilovidagi tuzumga qarshi noroziliklar kuchaygan bir paytda ro’y bermoqda.
“Sinxua” axborot agentligi yaqinda chop etgan bir sharhda agar Xitoy siyosiy beqarorlikka yuz tutsa, buning oqibati Sovet Ittifoqida ro’y bergan fojeadan ko’ra yomonroq bo’lishi haqida ogohlantiradi. Shuningdek, “People’s Daily” gazetasida e’lon qilingan qator maqolalarda AQSh qadriyatlariga asoslangan siyosiy tizimning Xitoy uchun qanchalik halokatli bo’lishi mumkinligi haqida bahs yuritiladi.
Xitoylik mualliflar AQSh konstitutsiyasidagi ozodlik va demokratiya tamoyillarini tahlil qilib, bu qadriyatlar oddiy odamlar foydasiga emas, balki kapitalistlar huquqlarini himoya qilish uchun ishlayotganini ta’kidlaydi. Ularga ko’ra, Sovet Ittifoqining qulashiga Boris Yelsin va Mixail Gorbachyov kabi yetakchilarning ana shunday “konstitutsion demokratiya” nomi ostida amalga oshirgan islohotlari sabab bo’lgan.
Kuzatuvchilar fikricha, ushbu maqolalar prezident Si Zinpin kabi kommunist yetakchilarining qarashlarini ifodalaydi.
Nyu-Yorkda chop etiladigan va Xitoy siyosatini tahlil qilishga ixtisoslashgan “Pekin bahori” gazetasi muharriri Xu Pin ham shunday fikrda.
Uning aytishicha, “Sinxua” axborot agentligi va boshqa gazetalar e’lon qilgan maqolalar faqat bir shaxs fikrlarini ifodalamaydi. Lekin bu janob Si qarashlarining in’ikosi ekani tabiiy, albatta, deydi u.
Muharrirga ko’ra, Xitoy matbuoti tanqidiga uchragan konstitutsion demokratiya tamoyili hukumat vakolatlarini toraytirishi bois rahbariyatga yoqmaydi.
Bu tizim hukumat organlarining kuchini cheklash bilan birga, fuqarolarning erkinligini oshiradi. Ya’ni, hukumat huquqlari va fuqarolar huquqlari o’rtasida aniq chiziq tortadi, deydi jurnalist Xu Pin.
Pensilvaniya universitetining xalqaro munosabatlar va tarix bo’yicha professori Artur Valdronning aytishicha, Xitoy jamiyatida demokratiya haqida bahs qiziyotgani bois shu kabi maqolalar tez-tez ko’zga tashlanmoqda.
“AQSh konstitutsiyasiga qarshi qaratilgan maqolalar ko’p. Xitoy matbuotida bunday masalalar o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi”, - deydi professor Valdron.
Vashingtonda joylashgan Brukings tadqiqotlar institutining Xitoy bo’yicha mutaxassisi Chen Li bunday bahslarning Xitoy iqtisodiyotida sekinlash alomatlari ko’zga tashlanayotgan va ijtimoiy muammolar qayta bo’y ko’rsatayotgan bir paytda yuzaga chiqayotganiga e’tibor qaratadi. Unga ko’ra, prezident maqolalardagi fikrlarni shaxsan ma’qullamagan bo’lsa-da, ularning chop etilishi tashvishlanarlidir.
Konstitutsiyaga asoslangan siyosiy tizim - barcha xalqlar qabul qilgan qadriyat, unga qarshi chiqish esa tashvishlanarli holat, deydi Li. Tadqiqotchining aytishicha, agar Xitoy rahbarlari konstitutsiyaga asoslangan siyosiy tizim yo’lidan bormasa yoki u bilan murosa qilmasa, ular o’zlarini tarixning qarama-qarshi tomoniga qo’yayotgan bo’ladi.
Mao Tzedun o’limidan so’ng boshlangan siyosiy islohotni davom ettirishga hozirgi rahbarlar o’zida iroda topa oladimi, bu hanuz ma’lum emas, deydi professor Valdron.
“Men har doim aytaman, Maodan so’ng boshlangan islohot eng oddiy narsalardan boshlandi va ulkan natijalar berdi. Eng qiyin 10 foiz masalalarga gal kelganida, islohotlar to’xtab qoldi. Haqiqiy muvaffaqiyat ularni hal etishga bog’liq”, - deydi professor.
Prezident Si Zinpin mamlakatni qaysi yo’nalishda yetaklashi hozircha aniq emas. Shunisi ayonki, kommunistik partiya Xitoy kelajagi haqida bezovta bo’lmoqda.