Bugun Pekinda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari uchrashmoqda. Afg'oniston masalasi kun tartibidagi muhim mavzulardan. Bu davlat prezidenti Hamid Karzay ham sammitga taklif etilgan.
Xitoy prezidenti Xu Sintaoning majlisdan oldin aytishicha, xorijiy qo'shinlar Afg'onistonni 2014-yilda tark etishi kutilar ekan, regional tashkilotning afg'on masalasida roli va ahamiyati oshib boraveradi.
Xitoy rahbari Shanxay Hamkorlik Tashkilotining roli aynan nimadan iborat bo'lishi haqida gapirmagan. Pekinga tashrif buyurgan Hamid Karzay bugun universitetda talabalar oldida so'zlagan. Uning aytishicha, Afg'oniston va Xitoy strategik hamkorlikka doir bitim imzolash arafasida.
"Iqtisodiyotining hajmi bo'yicha dunyoda ikkinchi o'rinni egallayotgan va jadal sur'atlarda rivojlanayotgan Xitoy bilan munosabatlarimizga katta ahamiyat beramiz. Xitoy bilan qo'shni bo'lganimizdan mamnunmiz. Bu davlat bilan har tomonlama aloqalarimizni rivojlantirib boramiz", - deydi Karzay.
Guruh a'zolarining xavotir olishicha, xorijiy qo'shinlar mamlakatdan chiqqach, beqarorlik butun mintaqaga yoyilishi mumkin. Xitoy va Afg'oniston rahbarlari vaziyatni yana alohida uchrashib, muhokama qilmoqchi. Afg'onistonga tashkilotda kuzatuvchi maqomi berilishi kutilmoqda. Eslatib o'tamiz, unga Xitoy, Rossiya, O'zbekiston, Qirg'iziston, Qozog'iston va Tojikiston a'zo. Hindiston, Eron, Mongoliya va Pokiston esa kuzatuvchi maqomiga ega.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 2001-yilda tuzilgan. Terrorizm, diniy ekstremizm va separatizmga qarshi kurash hamda G'arb va NATOning mintaqaga ta'sirini tushirish asosiy maqsadlaridan.
Pekinlik professor Shi Taoning aytishicha, Xitoyning guruhda siyosiy va iqtisodiy manfaatlari bor.
"Xususan, tashkilot va a'zo davlatlar yordamida shimoli-g'arbiy hududlarida bo'lginchilikning oldini olmoqchi, Markaziy Osiyo tabiiy resurslaridan foydalanmoqchi".
O'zbekiston prezidenti Islom Karimov ham Xitoyga borgan. Prezident Xu Sintao bilan uchrashuv yakunida ikki davlat o'rtasida Strategik sheriklikka doir qo'shma deklaratsiya imzolangan. Shuningdek, texnikaviy-iqtisodiy hamkorlik, veterinariya, karantin va o'simliklarni himoya qilish sohasida hamkorlikka kelishilgan.