AQShning Xitoy bilan siyosiy va harbiy aloqalari odatda ziddiyatli bo’lgani bilan san’at va ta’lim sohasida hamkorlik kuchaymoqda. Ba’zi mutaxassislarning aytishicha, bunday hamkorlikdan iqtisodiy va madaniy foyda bor. Ammo bu yondashuvni tanqid qilayotganlar ham yo’q emas.
Amerikalik ota-onalar orasida xitoy tilini o’rganishga qiziqish kuchaymoqda.
“Xitoy tilini, ingliz tilini bilgan, madaniy, xalqaro tajribasi bor yoshlarning hayoti qiziq bo’ladi”, - deydi Kaliforniya universiteti qoshidagi Konfutsiy instituti rahbari Syuzan Pertel Jeyn.
Xitoy hukumati xitoy tili va madaniy dasturlarni Konfutsiy institutlari orqali moliyalab keladi. Boshlang’ich maktabda xitoy tili o’qituvchisi Kerol Chenning aytishicha, Kaliforniya universitetining Los-Anjelesdagi Konfutsiy instituti bu borada Brodvey maktabiga katta yordam ko’rsatgan.
“Bir gal maktabimizga Xitoy xalq madaniy an’analarini olib kelishdi”, - deydi muallima.
Xitoy dunyo bo’ylab 500 ta Konfutsiy institutini moliyalaydi, aksariyati universitetlar qoshida joylashgan.
"Bu institutlar yordamida diplomatlarning yangi avlodi tayyorlanyapti”, - deydi institut rahbari.
Biroq tahlilchi Perri Linkning aytishicha, Xitoy bu bilan Amerikada o’z ta’sirini o’tkazmoqda.
“Xitoy madaniy va ta’lim dasturlari orqali Amerikada o’zi haqidagi tasavvurlarni ijobiy tomonga burmoqchi”, - deydi u.
Linkning aytishicha, Konfutsiy institutlarining universitetlar qoshida bo’lishi xavotirli hol, chunki bu bilan talabalarning Xitoyda inson huquqlari buzilishiga munosabat bildirish erkinligi cheklanmoqda.
“Ichki senzura shakllanmoqda. Bizga turli dasturlar uchun sizga pul beramiz, Xitoydan notiqlarni taklif etamiz, deyishadi, ammo har ikki tomon pulning Pekindan kelayotganini yaxshi biladi. Konfutsiy instituti direktori sifatida universitetga Dalay Lamani taklif eta olasizmi? Yo’q, albatta”, - deydi mutaxassis.
Biroq Kaliforniya universiteti qoshidagi Konfutsiy instituti direktori nozik mavzulardan qochmaymiz, deydi.
“Hukumatga qarshi harakatda qatnashgan san’at arboblarini taklif etish bo’ladimi, Xitoy hukumati tasdig’idan o’tmagan badiiy filmlarni namoyish etish bo’ladimi, aslo bulardan qochmaymiz. Xitoydagi hamkasblarimizga mavzularni xolis yoritishimizni aytamiz”, - deydi Syuzan Pertel Jeyn.
Konfutsiy institutlarining ta’sirini hamma turlicha baholaydi.
“Pekin mana shu darhoglar yordamida hammaning mehri va diqqatini qozonmoqchi. Ammo hozircha bunday bo’lgani yo’q”, - deydi Perri Link.
“Bizning maqsadimiz talabalarimizga yaxshi bilim berib, kelajakda turli vazifalar uchun tayyorlash", - deydi institut rahbari.
Pekin qo’llayotgan yumshoq kuch siyosatining natijasini bu talabalarning o’qishdan so’ng global mehnat bozorida raqobatga kirishganidan so’ng Xitoyga bo’lgan munosabatidan bilsa bo’ladi.
Facebook Forum