Breaking News

Xitoydagi hujum haqida hukumat xulosasi shubha ostida


Tiananmen maydoni, Pekin
Tiananmen maydoni, Pekin
Tahlilchilar Xitoyda o'tgan hafta avtomobil halokati yuzasidan hukumat xulosasini shubha ostida olayapti. Pekin Tiananmen maydonidagi voqeani al-Qoidaga aloqador guruhlar qilmishi, demoqda.

Dushanba kuni poytaxtda mashina yo'lovchilarga urilib, alanga olgan va besh odam jon bergan edi. Bir necha fuqaro jarohatlangani ma'lum. Xitoy nazarida bu - terrorchilar ishi, xususan, Shinjonda mustaqillik uchun kurashayotgan Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatining ishi.

G'arb olimlari tahliliga ko'ra, Xitoy bu kabi hujumlarni bo'rttirib, ozchilik elatlarga qarshi zo'ravon siyosatini oqlamoqchi bo'layapti.

Xususan, Avstraliyadagi Griffit Universitetida Shinjon haqida izlanayotgan olim Maykl Klark so'zlariga ko'ra, voqea haqiqatan terror hujumi deb talqin qilinishi mumkin.

Lekin u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda xuruj juda jo'n ekaniga e'tibor qaratadi.

"Bu qadar xom rejalangan hamla ehtimoliy bir yirik tashkilotning ishi deyish qanchalik asosli? Xitoy Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga barmog'ini bigiz qilib turar ekan, avvalo shu savol xayolga keladi", - deydi Klark.

Uning nazarida mazkur harakat rostdan ham uyushgan bir guruh ekanini ham aniq aytish qiyin.

Boshqalar esa voqea yuzasidan muhim detallar hamon ma'lum emas, deya eslatadi. Vashingtonda asoslangan Uyg'ur inson huquqlari loyihasi vakili Xenrik Shajeffski terror hujumi deb xulosa qilish uchun Pekin batafsil axborot berishi kerak, deydi.

Uning so'zlariga ko'ra ham Xitoy Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatining Shinjondagi rolini atayin bo'rttirib ko'rsatishga o'rgangan. Terror xavfi haqidagi bayonotlar esa uyg'urlarning shikoyatini o'chirish uchun yaxshi bahona.

Xitoy hukumati esa bu elat ezilgani haqidagi ayblovni qat'iyan rad etadi. Mamlakatda barcha xalqlar va millatlar huquqi teng e'zozlanadi, deya bildiradi rasmiy Pekin.

G'arb ekspertlari Tiananmendagi hodisani hukumatning uyg'urlarga nisbatan zolim siyosati mahsuli deya atar ekan, Pekin g'azabda. Kommunistik hukumat nazarida bu - terrorchilarni qo'llab-quvvatlash bilan barobar.

Pekinning Tiananmenga doir xulosasini Amerika hali na yoqladi, na rad etdi. AQShning Xitoydagi elchisi Gari Lok "Foreign Policy" nashri bilan suhbatda hodisa yuzasidan to'liq ma'lumotga ega emasmiz, biroq Vashington terrorizmning har qanday ko'rinishini qoralaydi, degan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG