Qo’shma Shtatlar Xitoyning Shinjon viloyatida yashovchi uyg’urlar, qozoqlar va ozchilikdagi boshqa musulmon xalqlar vakillari ommaviy ravishda qamoqqa olinayotganidan jiddiy tashvish bildirmoqda.
AQSh davlat kotibi yordamchisining o’rinbosari, Davlat departamenti qoshidagi Inson huquqlari va mehnat byurosida Afrika, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga mas’ul rasmiy Skott Basbining (Scott Basby) “Erkin Osiyo” radiosiga bergan intervyusida aytishicha, Qo’shma Shtatlar aksariyat aholisi musulmon bo’lgan hamda dunyodagi boshqa davlatlar e’tiborini Xitoyda inson huquqlarining jirkantiradigan tarzda buzilishiga qaratmoqda.
“Bir milliondan oshiq odam lagerlarda saqlanmoqda. Ularni o’z ixtiyoriga qarshi ushlab turishibdi. Ba’zilari qiynoqqa solinmoqda, ba’zilari shafqatsiz va g’ayriinsoniy muomalaga uchramoqda, tahqirlanmoqda, jazolanmoqda. Ba’zi odamlarning lagerlarda jon berganidan xabardormiz, lagerlardagi voqealar dahshatlidir”, - dedi Basbi.
AQSh rasmiysiga ko’ra, Xitoyda taqvodor odamlarni nishonga olish yangilik emas.
“Xitoy Kommunistik partiyasi hokimiyatga kelganidan beri barcha dinlarga nisbatan keskin dushmanona munosabatda bo’lib kelgan va shu bugunga qadar bu bizda katta tashvish uyg’otmoqda”, - deydi Davlat departamenti vakili.
Skott Basbining aytishicha, Turkiyadan boshqa ko’plab mamlakatlar Xitoydagi musulmon ozchilik taqdiri bo’yicha sukut saqlamoqda.
“Bu Xitoy qudratiga borib taqaladi deb o’ylayman. Afsuski, Xitoy ko’plab davlatlarga yordam berish yoki ular bilan biznes qilish orqali bosim qo’ymoqda. Shu sabab, o’ylaymanki, ko’p davlatlar Shinjonda bo’layotgan voqealar haqida haqiqatni gapirishdan qo’rqadi”, - deydi u.
Basbining aytishicha, Qo’shma Shtatlar hibsga olishlar masalasini Xitoy hukumati bilan yopiq muloqotlarda ham, ochiq muloqotlarda ham ko’targan va shunday qilishda davom etmoqda.
“Ba’zi insonlar lagerlardan chiqarilgan bo’lsa-da, AQSh Shinjonda inson huquqlari buzilishlariga chek qo’yishning boshqa yo’llarini ham o’rganyapti. AQSh hukumati va amerikaliklar uyg’ur xalqi va musulmon elatlarni qo’llab-quvvatlashda davom etadi”.
Facebook Forum