Breaking News

Pentagon Yaponiya bilan mudofaa bitimi Senkaku orollarini ham qamrashini ta'kidladi


AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygl
AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygl
AQSh mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, Amerikaning Yaponiya bilan mavjud mudofaa bitimi Sharqiy Xitoy dengizidagi talash orollarga ham taalluqli.

Ikki kun burun Pekin hududda yangi havo mudofaa zonasini o’rnatganini ma’lum qildi. Xitoyga ko’ra, Diaoyu orollari uzra uchmoqchi bo’lgan yo’lovchi va harbiy samolyotlar bundan keyin Xitoy dispetcherlariga o’zini tanitishi va ularning buyruqlariga amal qilishi kerak bo’ladi.

Yaponiya Senkaku deb nom qo’ygan bu orollar Tokio boshqaruvi ostida bo’lib, Xitoy ham ularga da’vo qiladi. AQSh va Yaponiya Xitoy mudofaa zonasini tan olmasligini bildirdi.

Kecha AQShga qarashli ikki bombardimonchi samolyot hudud uzra uchib o’tgan. Xitoy Mudofaa vazirligi ularning parvozi diqqat bilan kuzatilganini bildirdi.

Bombardimonchi samolyotlar parvozi, kuzatuvchilar nazarida, Pekinning yangi tartibini pisand qilmaslikka ishora bo'lgan.

Amerikalik tahlilchi Ralf Kossaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar shu tariqa Xitoyga xalqaro havo sarhadlarini o’zlashtirishga yo’l qo’ymasligini darrov namoyish etdi.

Pekin tartibni buzganlarga qarshi chora ko’rilishi haqida ogohlantirdi. Tahlilchi Xerman Finli nazarida Xitoy ochiq to’qnashuvgacha bormaydi.

"Xitoy vaziyatni o’rganmoqda, bu siyosatiga munosabat qanday bo’lishini ko’rmoqchi. Vaqt qulay bo’lganda harakatga tushadi", - deydi Finli.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida Xitoyning hisobi yanglish bo’lib, AQSh ittifoqchisi Yaponiya manfaatlarini himoya qilishda qat’iy bo’lishini hisobga olmagan ko’rinadi.

Avstraliyalik siyosatshunos Maykl Makkinli fikricha, Xitoy omadini sinab ko’rmoqchi bo’ldi.

"Uning bunday siyosatiga qarshilik endi kuchayadi", - deydi u.

Bir haftadan keyin AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Osiyoga safari doirasida Xitoyda ham bo’lib, shu mavzuda gaplashishi kutilmoqda. Yaponiya orollarni 19-asr oxirida o’ziga qo’shgan. Xitoy esa 1971-yildan beri ularga da’vo qiladi. Pekin o’zidagi qadimiy xaritalarga ishora qilib, orollar asrlar davomida Xitoyga tegishli bo’lganini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG