Breaking News

AQSh-Xitoy aloqalari. 2018-yilga nazar


Yil yakunida eng muhim voqealarni tahlil qilarkanmiz, AQSh-Xitoy munosabatlari yil davomida qanday o’zgarganiga e’tibor bermay bo’lmaydi. Iqtisodiy qudratga ega ikki raqib davlat aloqalari iyun oyigacha bir maromda rivojlanib kelayotgan edi. Yil o’rtasida Vashington Xitoy importlariga tariflarni oshirishi hamda Pekinning javob choralari ketidan aloqalar keskinlashdi. Tramp ma’muriyati Xitoy bilan iqtisodiy va strategik hamkorlikni noldan boshlamoqchi ekanini aytadi.

Xalqaro hayot - 19-dekabr, 2018-yil - AQSh-Xitoy aloqalari. 2018-yilga nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Yaqinda o’tgan aviatsiya ko’rgazmasida Xitoy harbiy samolyotlarini ko’z-ko’z qildi. Qo’shma Shtatlar harbiy sarfiyatlar bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda tursa-da, Pekin undan qolishmaslikka harakat qilmoqda.

“Xitoy qatorasiga 29-yil mudofaa uchun byudjetni oshirmoqda. 228 milliard dollarlik mudofaa byujedti bilan hozir bu borada jahonda ikkinchi o’rinda”, - deydi tahlilchi Nan Tian.

Donald Tramp o’tgan yili Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan ilk bor uchrashib, Pekindan Shimoliy Koreya yadro dasturi masalasida yordam so’ragan edi.

Joriy yil aprel oyida AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari ilk bor uchrashdi, ammo shundan sal o’tib, AQSh Xitoyni savdoda g’irromlikda, intellektual mulkni o’g’irlashda ayblab tariflar bilan siyladi. Pekin javob qaytardi.

“Ikki davlat aloqalarida urg’u, asosan, savdoga berildi. Savdodagi munosabatlar rivoji boshqa sohalarda hamkorlik qanday bo’lishini ko’rsatadi”, - deydi vashingtonlik ekspert Bonni Gleyzer.

Vashington Janubiy Xitoy dengizida kemalar uchun suzish erkinligi uchun ham kurashmoqda. Oktabr oyida AQSh va Xitoy harbiy kemalari deyarli to’qnashib ketib, mojaro ehtimoli yuzaga keldi.

“AQSh Xitoyning harbiy salohiyati va rejalaridan xavotirda. Mintaqada haqiqiy mojaro ro’y bersa, Pekin qanday javob berishi mumkinligi noma’lum”, - deydi AQSh Tinchlik institutidan Vikram Singx.

Xitoyning xorijiy sarmoya strategiyasi, ya’ni “Bir kamar, bir yo’l” loyihasi ham tashvish uyg’otmoqda.

“Vyetnamni xitoyliklar bosgan”, - deydi vyetnamlik bir fuqaro.

Xitoy 70 mamlakatda infratuzilma loyihalariga bir trillion dollar sarflab, dunyo aholisining 62 foiziga o’z so’zini o’tkazmoqchi.

“Xitoychani o’rganish kerak. Ko’p ishlar Xitoy orqali qilinmoqda”, - deydi tailandlik fuqaro.

Pekin bilan bu sohada raqobat qilish uchun Tramp ma’muriyati rivojlangan mamlakatlarda xususiy sarmoyadolarni jalb qilish uchun boshlang’ich byudjeti 60 milliard dollarga teng boshqarma tuzdi.

Osiyoga safar qilgan AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Xitoyni Amerika ichki siyosatiga aralashishga harakatda ayblab, Oq uy yangi strategiya ustida ishlayotganini aytdi.

“Amerika manfaatlarini ustun qo’ygan strategiya Xitoy bilan iqtisodiy va strategik aloqalarni yangidan boshlashni ko’zda tutadi”, - dedi Pens.

Argentinada o’tgan “Katta yigirmalik” sammitida Tramp va Si savdo urushida 90 kunlik sulhga kelishdi. Natijada Xitoy AQSh avtomobillari eksportiga qo’yilgan tariflarni tushirdi.

Xitoy prezidenti tariflarni butunlay bekor qilish rejasi yo’qligini aytdi.

Tramp ma’muriyatining Xitoyga yana bir e’tirozi shuki, Pekin texnologiya bobida global liderlikni qo’lga kiritish uchun xakerlikni rag’batlantiryapti, unga bosh-qosh bo’lgan.

2019-yilda ikki mamlakat o’rtasida raqobat va taranglik yanada oshishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG